14:30 / 14.06.2020
21395
Koronavirus: Bozorda virus tarqalishi tufayli Pekinning bir qismi yopildi

Import qilingan lososlarni kesishga mo‘ljallangan taxtadan virus topilgach, Pekindagi yirik bozorning 10 mingdan ortiq xodimi koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun test topshiradigan bo‘ldi.

Foto: Getty Images

O‘nlab xodimlarga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, bozor atrofidagi 11ta tuman karantinga yopilgan. Bu bozor Pekindagi go‘sht va sabzavot mahsulotlarining 80 foizini yetkazib beradigan bozor hisoblanadi.

Shahardagi barcha bozorlar vaqtincha yopilgan. Shuningdek, hukumat maktablarni ochish to‘g‘risidagi rejani keyinroqqa qoldirishga qaror qilgan.

Pekinning Fentay tumanida «harbiy holat rejimi» e'lon qilindi. Endilikda Xitoy poytaxti epidemiyaning ikkinchi to‘lqinini boshdan kechirishga tayyorlanmoqda.

Xitoyda so‘nggi bir kunda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 57ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 9ta holat aniqlandi. Bemorlarning 2 nafari sog‘aydi, vafot etish holatlari qayd etilmadi.

Yangi kasallanish holatlarining 36tasi mamlakat ichida aniqlangan (Pekinda – 36, Lyaonin provinsiyasida – 2), 19ta holatda esa chetdan kirib kelganlarda virus qayd etilgan. Mamlakatda jami 83132 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 369 nafari sog‘aygan, 4 634 nafari vafot etgan. Ayni vaqtda shifoxonalarda 129 nafar bemor qolmoqda.

Braziliya Covid-19’dan o‘lim darajasi bo‘yicha Britaniyani ortda qoldirib, dunyo reytingida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Shu vaqtgacha Janubiy Amerikaning ushbu mamlakatida koronavirus 43 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketdi. Jami zararlanish holatlari soni 850 mingdan oshgan. Lekin mamlakat aholisi ommaviy ravishda test qilinmagani tufayli raqamlar bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Braziliya hali kasallik avj olishining eng yuqori nuqtasidan o‘tmagani aytilmoqda.

Hongkongda Ocean Park ko‘ngilochar maskani 4 oylik karantindan keyin ochildi, ammo bu park hozircha faqat 25 foizga ishlaydi. Shanba kuni yuzlab odamlar bu yerga kirish uchun yomg‘ir ostida navbatda turishdi.

Shvetsiyada mamlakat hududi bo‘ylab erkin harakatlanishga ruxsat berildi. Ushbu mamlakatda qat'iy karantin choralari joriy etilmagan bo‘lsa-da, hukumat fuqarolardan zaruratsiz sayohatlarga chiqmaslikni so‘ramoqda.

Hindiston va Armanistonda kunlik o‘sish bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar qayl etildi - mos ravishda 11 458 va 723ta holat. Hindiston ayni vaqtda Covid-19 bemorlari soni bo‘yicha dunyo reytingida to‘rtinchi o‘ringa chiqib olgan. Rasmiy prognozlarga ko‘ra, Hindiston poytaxti Dehlida iyul oyi oxirigacha 500 mingdan ortiq kishi koronavirusdan zararlanishi mumkin.

Hozirning o‘zida mamlakatning yana bir yirik shahri Mumbayda Covid-19’dan kasallanganlar soni kasallik tarqalishi boshlangan Uhanda qayd etilgan holatlardan ko‘proqdir. Hindistondagi shifoxonalar bemorlar oqimiga dosh berolmayapti; xabarlarga ko‘ra, ko‘plab bemorlar zarur tibbiy yordamlarni qabul qila olmasdan vafot etishmoqda.

Irqchilikka qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tayotgan Londonda politsiya cheklov choralarini joriy etdi, politsiya rasmiy saytida namoyishchilar uchun marshrut e'lon qilindi. Shuningdek, barcha aksiyalar soat 17:00gacha yakunlanishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

«Biz sizdan London markaziga kelmaslikni va so‘zlaringizni boshqa tarzda ifodalashingizni so‘raymiz», degan London politsiyasi boshlig‘i Bas Javid. Hukumat avvalroq namoyishlar tufayli infeksiya tarqalishi xavfi haqida ogohlantirgandi.

Politsiyaning ogohlantirishlariga qaramay, shanba kuni minglab namoyishchilar London markaziga yig‘ildi va ularning aksarida tibbiy niqoblar yo‘q edi.

Britaniya poytaxtining turli nuqtalarida namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bermoqda

Shanba kuni qirolicha Yelizaveta Ikkinchi o‘zining rasmiy tug‘ilgan kunini nishonladi, ammo karantin tufali harbiy parad o‘tkazilmadi. Qirolicha 68 yillik boshqaruvi davrida faqat bir marta, 1955 yilgi temiryo‘lchilar ish tashlashi tufayli harbiy paradni bekor qilgandi.

Bu yil pandemiya tufayli 94 yoshga chiqqan qirolicha o‘zining 99 yoshli turmush o‘rtog‘i, gersog Edinburgskiy bilan Vindzor qasrida ihotalanishgan. Bu yil juftlik tabriklarni ijtimoiy masofa saqlagan holda gvardiya polkidan qabul qilib olishdi.

Foto: Zuma/TASS

Angliya va Shimoliy Irlandiyada yolg‘iz yashovchi kishilar boshqa joydagi yaqinlarinikiga mehmonga borish va tunab qolishiga ruxsat berilgan qoida kuchga kirdi. Angliyada bu qoida voyaga yetmagan farzandlari bor yolg‘iz otalar yoki yolg‘iz onalarga ham taalluqli hisoblanadi. Shu tarqia, mart oyidan buyon bobolar va buvilar o‘z farzandlari yoki nabiralari bilan ko‘rishishlari mumkin bo‘ladi.

15 iyundan Angliyada lokdaun joriy etilganidan buyon ilk marta oziq-ovqat mahsulotlaridan boshqa mahsulotlar ham sotiladigan do‘konlar (kiyim-kechak, oyoq kiyim, kitob va boshqalar) faoliyatiga ruxsat berilmoqda.

Britaniyaliklardan do‘konlarga yolg‘iz borish so‘ralmoqda

Dushanba kunidan YeI rejasi bo‘yicha Belgiya, Fransiya va Gretsiya mamlakatlararo harakatlarni cheklovchi qoidalarni bekor qiladi.

Fransiya boshqa davlatlar rasmiylaridan xorijdan keluvchilarning barchasini 14 kunlik karantinga joylashtirish bo‘yicha tartibga amal qilishni so‘ragan.

Yevropa ittifoqining ichki chegaralari ochilishi muddati turli davlatlarda turlicha: Italiya, Bolgariya va Vengriya allaqachon o‘z chegaralarini ochib qo‘yishgan, ammo kasallik tarqalishi yuqoriligicha saqlanib qolayotgan davlatlardan keluvchilar uchun qat'iy talablar saqlab qolingan, masalan, Britaniya va Shvetsiyadan keluvchilar uchun. Ispaniyada chegara faqat 1 iyulga borib ochiladi. Portugaliya ham Ispaniya bilan chegarasini o‘sha kuni ochmoqchi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top