15:51 / 14.06.2020
72160
Maxsus komissiya qarori: O‘zbekiston xalqaro aviaqatnovlarni tiklamoqda

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti e'lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 15 iyundan xalqaro aviaqatnovlarni qisman tiklaydi, xorijdan keluvchi reyslar ham «yashil», «sariq» va «qizil» reyslarga ajratiladi.

«Koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanib borayotgan mamlakatlar bilan xalqaro aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari hamda investitsiya loyihalari doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda», deyiladi komissiya qarorida.

15 iyundan sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan davlatlar bilan aviaqatnovlar tiklanadi.

Quyidagi toifadagi shaxslarga O‘zbekistonga kirish va O‘zbekistondan chiqishga ruxsat berildi:

  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a'zolari;
  • investitsiya loyihalari doirasidagi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;
  • davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;
  • xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar;
  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari so‘rovlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi orqali boshqa davlatlarga olib o‘tilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari.

Bundan tashqari, o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi. Bunda, aviaqatnovlar sanitariya qoidalari va normalariga qat'iy amal qilgan holda tashkil etiladi.

«Yashil», «sariq» va «qizil» aviareyslar

Shuningdek, xorijiy davlatlar epidemiologik vaziyatga qarab uch toifaga - «yashil», «sariq» va «qizil» hududlarga ajratiladi:

  • sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan (yashil reyslar) — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi;
  • koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) — Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinadi;
  • koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reylar — evakuatsiya reyslari) — qolgan boshqa davlatlar, shu jumladan, BAA, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.

Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan va yaxshilanayotgan mamlakatlarda aviareys qatnovi kuniga qadar uzluksiz 14 kundan kam bo‘lgan, shuningdek, og‘ir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan tranzit orqali kelayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasiga kelish uchun aviachiptalar realizatsiya qilinmaydi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top