19:33 / 14.06.2020
18917
Putin: «Rossiya koronavirus epidemiyasidan minimal yo‘qotishlar bilan chiqmoqda, AQSh esa bunday emas»

Rossiya koronavirus epidemiyasidan «minimal yo‘qotishlar» bilan chiqmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Putin «Moskva, Kreml, Putin» maxsus dasturi uchun bergan intervyusida gapirib o‘tgan. Dastur muallifi Pavel Zarubin Putin bilan intervyuni instagram sahifasiga joyladi.

«Muayyan xarajatlar, muammolar va turli yo‘qotishlarga qaramay, biz barchasini o‘z nazoratimizda saqlab qola oldik. Demak, ishlayapmiz va koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan nisbatan kam yo‘qotishlar bilan chiqamiz», degan Putin.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, AQSh koronavirus sabab katta yo‘qotishlarga uchramoqda va bu boshqaruv tizimiga ham bog‘liq.

«Men hukumatimizda yoki mintaqalarimizda kimdir «Biz hukumat yoki prezident aytganini qilmaymiz», deganiga shubha qilaman. [AQShda esa] prezident «Mana buni bunday qilish kerak», deydi. Gubernatorlar esa unga qarata «Bor yo‘qol» deyishadi va o‘z bilganlarini qilishadi», deya Putinning so‘zlarini keltirgan «Meduza».

Putin AQShda bo‘lib o‘tayotgan noroziliklarga izoh berar ekan, ularni «chuqur ichki inqirozlar» deb atagan. U shuningdek, Trampning hukumatga kelishi masalasiga yana bir marta to‘xtalgan.

«Biz amaldagi prezident hokimiyat tepasiga kelganidan buyon uni kuzatib kelmoqdamiz. U demokratik yo‘l bilan g‘alaba qozondi va yutqazgan tomon uning qonuniy saylanganini shubha ostiga qo‘yish uchun har xil uydirmalarni o‘ylab topishdi», degan Putin.

Ma'lumot uchun, AQSh Covid-19 yuqtirganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi (2,14 million). Rossiya esa bu borada uchinchi o‘rinda (528 ming). Vafot etganlar soni AQShda 117 mingdan oshgan bo‘lsa, Rossiyada 7 mingga yaqin odam virus qurboniga aylangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top