17:25 / 14.06.2020
13079
Samarqand shahrida karantin vaqtida ham tungi klublar ishlayotgani ma'lum bo‘ldi

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida joriy qilingan karantinga qaramay, Samarqand shahridagi tungi klublar o‘z faoliyatini davom ettirayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bergan.

12 iyun kuni Samarqand shahrida IIB tezkor xodimlari kafe, bar va tungi klublar nazorati bo‘yicha tungi reyd tadbirlarini o‘tkazgan. Reyd davomida Samarqand shahri Nodirabegim ko‘chasida joylashgan tungi klub va bilyardxona ko‘zdan kechirilganda, ular karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, yashirincha faoliyat ko‘rsatayotgani aniqlangan.

Yarim kechasi bo‘lganiga qaramay, bilyardxonada uch nafar, tungi klubda o‘n nafar fuqaro borligi aniqlangan. Ushbu fuqarolar Samarqand shahri IIO FMB 5-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib borilib shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ularga nisbatan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunning tegishli moddalariga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ma'lumot uchun, Samarqand shahri 8 iyun kuni «sariq» toifaga o‘tkazilgandi. 10 iyundan esa shaharda jamoat transporti faoliyati tiklangan.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, Samarqandda karantin qoidalariga bepisand fuqarolar juda ko‘p uchramoqda. Xususan, yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega bo‘lmagan mashinalar belgilangan miqdordan (2 kishi) ortiq odam tashishda davom etmoqda.

Shaharda avtobus yo‘nalishlarining barchasi faoliyatini tiklamagani uchun odamlar litsenziyali va litsenziyasiz taksilar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Har ikki turdagi taksilar odamlarni shahar unchalik katta emasligiga qaramay, kishi boshiga 10 ming so‘mdan tashimoqda.

Top