09:50 / 14.06.2020
17311
«Sotish zarar» – Ekspert inqiroz paytida aviakompaniya bo‘yicha qarorlar haqida

«Amerika ovozi»ning «Vashington choyxonasi» dasturida Behzod Muhammadiy muallifligida Xalqaro aviatsiya huquqi bo‘yicha ekspert Rahmad Sobirov bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning o‘tmishi, buguni va kelajagi haqida videosuhbat e'lon qilindi.

Suhbat davomida «Uzbekistan Airways»ning bugungi ahvoli qandayligi, kompaniya doirasidagi islohotlar qanday natija berishi, aviakompaniyani xususiy qo‘llarga berish qanday natijalarga olib kelishi, aviakompaniya uchun milliylik qanchalik muhimligi to‘g‘risidagi savollarga javob so‘ralgan.

Berilgan va'dalar

– 1992 yilda tashkil etilgan milliy aviakompaniya bu sohadagi yagona struktura, «de fakto» «Aviatsiya vazirligi» darajasida edi. Davlat ichida va tashqarisida bu sohadagi monopol bo‘lgan. Bu «Uzbekistan Airways» haqiqiy raqobatga duch kelmaganini anglatadi. 2017 yilda uni o‘zgartirishga rasman harakatlar qilindi va ayrim yo‘nalishlarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini tan olishimiz kerak. Ammo aviachiptalar narxi, tashilgan yo‘lovchilar, jumladan turistlar soni hali ko‘ngildagidek emas.

Milliy avikompaniya hozir uchga bo‘lingan. Avval «qozon» bittaligi sabab kim qanday ishlayotganini bilish juda qiyin edi. Uchga bo‘linish yuridik tomondan katta qadam bo‘ldi.

Bu sohadagi asosiy fikrimcha, so‘nggi 30 yil davomida texnikani rivojlantirishga harakat qilindi. Ammo davlatdan mustaqil bo‘lib, korporativ menejmentni rivojlantirishga harakat qilinmadi. O‘zi bu soha katta daromadli emas. Juda yirik aviokompaniyalar ham nari borsa 3-5 foiz foydaga ishlaydi. Ya'ni o‘xshatish qiladigan bo‘lsak, samolyot uchirgandan ko‘ra Andijondan Toshkentga taksi kira qilgan ma'qulroq.

Bu kompaniya foyda keltirganmi?

– Pandemiyaga qadar ham bu kompaniya foyda keltirganmi degan savolga javob berish qanday hisob-kitob qilishga bog‘liq. Faqat raqamlarga qaralsa, bu kompaniya foyda keltirmagan bo‘lishi mumkin. Moliyaviy ahvol haqida ommaga ma'lum qilinmaydi. Lekin uning xorijga yagona tashuvchi bo‘lgani, chet viloyatlarni poytaxt bilan bog‘lagani va eng muhimi – sayyohlarni tashigani tufayli foyda keltirgan deyish mumkin.

Aniq mablag‘ bo‘yicha olsa, O‘zbekistonda bu soha foyda keltirmagan. Pandemiya bu jarayonlarni yanayam chuqurlashtirib yubordi. Bu holat butun dunyoda kuzatildi. Agar hozir hukumat yordam bermasa, O‘zbekistonda ham bu soha bankrot bo‘lishi mumkin.

Inqiroz paytida nima qilish kerak?

– Ayni paytda bu aktivlarni sotish katta zarar keltiradi. Chunki sohaning barcha mulklari bahosi tushib ketgan. Aviakompaniyaning eng qimmat aktivlari bu samolyotlaridir. Hozir ular sotilsa, juda arzon sotishga to‘g‘ri keladi. Ammo islohotlarni ham to‘xtatmaslik kerak.

Hozir pandemiyadan keyingi strategiyani tuzib olish kerak. Prezidentning tashabbusida ham shu nazarda tutilgan.

Xorij kompaniyasiga berish g‘oyasi

– Huquqiy jihatdan bu boshqaruvni qanday berishga bog‘liq. Masalan, «Turk havo yo‘llari» baribir Turkiyaga tegishli. «Uzbekistan Airways»ning asosiy aksiyalarini ushlab qolib, ma'lum bir qismini chet elliklarga berish mumkin. Bu masala huquqiy jihatdan shaffof va aniq bo‘lishi shart. Masalan, aviakompaniya Xitoy kompaniyasiga sotilsa, «O‘zbekiston» nomi saqlansa ham, aytaylik Rossiyaga uchsa, bu ma'lum muammolar tug‘diradi. Chunki Rossiya va Xitoy o‘rtasida alohida kelishuv bor. Qabul qiluvchi tomon qaysi davlat samolyoti uchib kelayotganini aniq bilishi kerak.

Milliylikka kelsak, bu o‘tgan asrning 70-yillarida qolib ketgan tushuncha. Nom qolishi mumkin, lekin boshqaruvni aniq kelishuvlarga xorijlik mutaxassislarga berish mumkin.

Davlatning roli minimum bo‘lish kerak

– Ideal sharoitda davlat sohaga juda kam aralashishi kerak. Faqat barcha o‘yinchilarga teng sharoitlar yaratib berish kerak. O‘zi aslida davlatning ko‘nglida nima bor, bilish qiyin. Lekin so‘nggi yillarda ancha tashabbuslar bo‘lyapti. Faqat endi ularni amalga oshirish qoldi, xolos. Bu islohotlarni jasur bo‘lib amalga oshirmaguncha biror natijaga erisha olmaymiz.

Pandemiyadan keyin nima bo‘ladi?

– Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo bo‘ylab aviatsiya sohasi og‘ir inqiroz yoqasiga kelib qoldi. 11 sentabr voqealari ham, 2008 yilgi moliyaviy inqiroz ham bu darajada qattiq ta'sir qilmagandi. Endi samolyotda uchish 50-60 yillardagidek haqiqiy hashamatga aylanib qoladi. Bundan keyin hammasi og‘irlashadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top