10:38 / 14.06.2020
17077
Zelenskiy Poroshenkoning bosh xatosini aytdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Ukrainskaya pravda” nashriga bergan intervyusida o‘zidan avvalgi prezident Pyotr Poroshenko haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Foto: RIA Novosti

Zelenskiyning ta'kidlashicha, u saylovlardagi g‘alabadan keyin Poroshenkoning shaxsiy uchrashuv haqidagi takliflarini bir necha marta rad etgan, chunki Poroshenko u haqida yolg‘on so‘zlar tarqatgan. Shu bilan birga amaldagi prezident sobiq prezidentni tajribali siyosatchi va manipulyator deb atagan.

“U men haqimda, oilam haqida bo‘htonlar tarqatgan, bu botofermalar... Ular meni faqat haqorat qilgan va barcha yolg‘on shundadir: meni giyohvandga chiqarishdi, yana nimalardir... Men bu yolg‘onlarning uzun yo‘lidan o‘tdim, so‘ngra u prezident sifatida nima qilgani haqida xulosa chiqardim. Men unga ishonmayman, u mening prezidentim ekanligiga ishonmayman”, deb aytgan Zelenskiy.

Uning ta'kidlashicha, Poroshenko “xalqaro hamkorlarga u haqida uydirmalar aytgan”, shu sababli Zelenskiy xorijiy yetakchilar bilan uchrashganda, uni “Ukraina dushmani” sifatida qabul qilishgan.

Shunga qaramay, ikki siyosatchining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Ukraina prezidentining ta'kidlashicha, Poroshenko unga mamlakatga yordam bermoqchiligini va “barchasini unutishni” taklif qilgan. Biroq Zelenskiyning aytishicha, Poroshenko bilan kelishish befoyda.

“U bilan kelishib bo‘lmaydi – bu haqda uning sobiq do‘stlari, sobiq dushmanlari, birinchi prezidentlarimiz aytmoqda. Ular “bundan foyda yo‘q” deb aytishmoqda. Shunchaki befoyda”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Zelenskiy.

Uning aytishicha, u Poroshenkoning bosh xatosini anglab ketdi.

“Uning bosh xatosi o‘zini Ukraina prezidenti deb hisoblashidadir. Hanuzgacha shunday o‘ylaydi. Keyin ham shunday o‘ylaydi. 10 yil o‘tgandan keyin ham u o‘zini Ukraina uchun nimadir qilgan yagona kishi, qolganlarni esa hech kimmas, deb hisoblayveradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Zelenskiy. 

Top