01:11 / 14.06.2020
7804
Zelenskiyning ofisida koronavirus tarqalgani xabar qilindi

Ma'lumot berilishicha, bosh vazir o‘rinbosari va Zelenskiyning maslahatchisida koronavirus aniqlangan. 

Foto: AP

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ofisida koronavirus aniqlandi, deb xabar berdi «Strana.ua» sayti. Prezident ofisidagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari va vaqtincha bosib olingan hududlarni reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha vazir Aleksey Reznikov hamda Zelenskiyning maslahatchisi Ruslan Demchenkoda koronavirus aniqlangan. 

«Strana.ua» manbalarining aytishicha, Reznikov va Demchenko 12 iyunda Parijda Fransiya prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Emmanuel Bonn bilan uchrashgan delegatsiya tarkibida bo‘lishgan. 

Ularning kasallikka chalinganliklari Parijdan qaytib kelishganidan keyin ma'lum bo‘lgan. Reznikov «KiyevVlast» saytiga bergan intervyusida delegatsiya Parijdan qaytganidan keyin koronavirusga test topshirganini va natijalarni kutayotganini ma'lum qilgan. U o‘zining kasallik yuqtirgani to‘g‘risidagi xabarni na inkor qilgan va na tasdiqlagan.

«Interfaks-Ukraina» agentligining ma'lumotiga ko‘ra, Parijga shuningdek, Zelenskiyning ofisi rahbari Andrey Yermak, uning o‘rinbosari Igor Jovkva, mudofaa vaziri Andrey Taran va madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko ham borgan. 

Vladimir Zelenskiyning o‘zi 12 iyun kuni xotini Yelenada COVID-19 aniqlangani sababli maxsus ish rejimiga o‘tgandi. Ukraina prezidenti xotinida koronavirus aniqlangach, oila a'zolari bilan birga test topshirgan va ularning barchasida natijalar manfiy chiqqan. 

Shu bois Zelenskiy ishlashda davom etishga qaror qilgan. Uning bu vaqtdagi faoliyati ham qonunchilikka, ham sanitariya normalariga to‘g‘ri kelishi e'tiborga olingan va bu uchun maxsus protokol ishlab chiqilgan.

Avvalroq Zelenskiy xalqni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘ziga koronavirus yuqtirmoqchi bo‘lganligini aytgandi.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top