09:40 / 15.06.2020
22652

Andijonda bozorlar ochildi. Damas'larga esa ruxsat yo‘q

Andijon viloyatidagi buyum bozorlari ish boshlashi uchun ruxsat berildi. Buyum bozorlari va avtomobil bozori 14 iyundan ochildi.

Erta tongda viloyatdagi eng katta buyum bozori bo‘lgan «Jahon bozori» savdo kompleksi tomon vodiydagi eng ommabop jamoat transporti bo‘lgan Damas`ga o‘tirib bordik.

Haydovchi yo‘l bo‘yi ko‘zi olazarak bo‘lib keldi. Sababi, har qadamda YHX xodimlari avtomashinani to‘xtatishi va jarima solishi mumkin.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan «yashil» hududda bo‘lgan Andijonda avtobuslar uchun harakatlanish ruxsat etilgan, lekin transport xizmat ko‘rsatish uyushmalariga va Damas`larga ruxsat berilgani yo‘q.

G‘alati holat. Bozorlar ochilgan, ularga zarurat uchun bormoqchi bo‘lgan aholi uchun yagona transport vositasiga ruxsat yo‘q.

«Jahon bozori» savdo kompleksi atrofdagi tumanlardan aholi bozor bo‘ladigan payshanba va yakshanba kunlari oqib keladi. Haftaning boshqa kunlari esa shu yerdagi ulgurji oziq-ovqat bozorida odam qaynaydi.

Eng qizig‘i, tumanlardan bozorlar tomon umuman avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan. Chunki viloyatda avtobus yetishmaydi.

Shunday qilib, bozor atrofidagi to‘la yo‘nalishdagi Damas haydovchilari qonunbuzarga aylangan. Bozordan qaytayotganimizda biz mingan yo‘nalishdagi Damas`ni YHX inspektori to‘xtatdi. Xodim holatni tushundi, haydovchiga ogohlantirish berdi va qo‘yib yubordi.

«Viloyatda 12 mingta yo‘nalishda qatnovchi Damas bor»

Andijon viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Adhamjon Tolakovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Andijon viloyatida 150ta avtobus bo‘lib, ulardan 80tasi texnik soz holatda.

«Hozirgi holatda fuqarolarni transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun viloyatga kamida 900ta avtobus zarur. Karantindan oldin viloyatda faoliyat yuritayotgan uyushmalarda 12 mingtaga yaqin litsenziyaga ega Damas avtomashinalari aholiga xizmat qilayotgan edi», deydi Tolakov.

Transport xizmatidagi mazkur masala nafaqat bozorga borish, balki turli yumushlar bilan viloyatning qon tomiri bo‘lgan yo‘llarda harakatlanuvchi barcha yo‘lovchilarlarning dolzarb muammosiga aylangan.

Shu o‘rinda Respublika maxsus komissiyasi qarorini muhokama qilishga majburmiz. Bizningcha, viloyatlardagi avtobus parkining soni va holatidan chiqib xulosa qilinadigan bo‘lsa, «yashil» hudud bo‘lgan Andijon va Namangan viloyatlaridagi Damas avtomobillariga sharoitdan kelib chiqib, harakatlanishi uchun ruxsat berilishi zarur.

O‘ylaymizki, vodiy viloyatlaridagi holat mutasaddilar tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top