02:34 / 15.06.2020
243139
Buyum bozorlari, restoranlar va chegaralar ochilmoqda: 15 iyundan nimalarga ruxsat berildi?

15 iyun, dushanba kunidan boshlab O‘zbekistonning aksariyat hududlarida karantin cheklovlari bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar kuzatiladi.

Bugundan boshlab «yashil» va «sariq» hududlarda kafe va restoranlar, xususiy bog‘chalar, buyum bozorlari qaytadan ochiladi; hududlararo avtobus qatnovlari tiklanadi.

Bundan tashqari, epidemiologik vaziyat barqaror davlatlar bilan aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish boshlanadi.

Uch oylik taqiqdan so‘ng, 15 iyundan O‘zbekiston fuqarolariga o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun xorijga chiqishga ruxsat berildi.

6ta toifadagi fuqarolarga O‘zbekistonni tark etishdan tashqari, vatanga qaytib kirishga ham ruxsat berildi. Jumladan, endi davolanish maqsadida xorijga borib kelish mumkin. Chet elda yaqin qarindoshlari yoki og‘ir kasal qarindosh-urug‘lari bor shaxslarga ham chegaralar ochildi.

Kun.uz 15 iyundan boshlab ruxsat etilgan faoliyat turlari va ularga qo‘yilgan talablarni eslatib o‘tadi.

Umumiy ovqatlanish obektlari (faqat «yashil» va «sariq» hududlarda):

  • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • faoliyatini 8:00dan 23:00ga qadar tashkil etish;
  • stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta'minlash;
  • bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a'zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
  • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash talab etiladi.

Xususiy bog‘chalar (faqat «yashil» va «sariq» hududlarda):

  • binolarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash;
  • xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
  • tana harorati 37S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulotlarga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.

Davlat bog‘chalari 1 avgustdan faoliyat boshlaydi.

Buyum bozorlari (faqat «yashil» va «sariq» hududlarda):

  • doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlanishi,
  • sotuvchilar va xaridorlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi,
  • har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan  hollarda buyum bozorlari hududiga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.

«Qizil» bo‘lmagan hududlar o‘rtasida avtobus qatnovlari:

  • transport vositasini yakuniy yo‘nalish nuqtasida dezinfeksiya qilish;
  • avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqoblardagi yo‘lovchilarni kiritish;
  • haydovchilarni tibbiy qo‘lqop va tibbiy niqoblar bilan ta'minlash hamda ularning muntazam ravishda o‘z vaqtida almashtirib borilishi choralarini ko‘rish talab etiladi.

Poyezd qatnovlari qamrovi kengayadi

Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha «Afrosiyob» poyezdlari harakati tiklanadi. Bundan tashqari, quyidagi reyslarga ruxsat berildi:

  • Toshkent - Buxoro - Toshkent;
  • Toshkent - Termiz - Toshkent;
  • Toshkent - Xiva - Toshkent;
  • Toshkent - Nukus - Toshkent;
  • Andijon - Xiva - Andijon;
  • Andijon - Buxoro - Andijon;
  • Andijon - Termiz - Andijon.

18 maydan boshlab, Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro va Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» poyezdi, Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yilgan edi.

Endilikda avtotransport vositalarida yolg‘iz harakatlanayotgan haydovchiga tibbiy niqobdan foydalanmaslikka ruxsat berildi.

Epidemiologik vaziyat barqaror davlatlar bilan aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat berildi

Quyidagi toifadagi shaxslarga O‘zbekistonga kirish va O‘zbekistondan chiqishga ruxsat berildi:

  • davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;
  • xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • investitsiya loyihalari doirasidagi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;
  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a'zolari;
  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari so‘rovlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi orqali boshqa davlatlarga olib o‘tilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar.

Bundan tashqari, o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi.

Xalqaro aviareyslar uch toifaga ajratiladi

  • «Yashil»: Epidemiologik vaziyat barqaror davlatlardan kelganlar karantinga olinmaydi. Bular — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Isroil.
  • «Sariq»: Koronavirus aniqlanishi kamaygan davlatlardan kelganlar 14 kun uy karantiniga olinadi. Bular — Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur.
  • «Qizil»: Koronavirus kamaymayotgan davlatlardan evakuatsiya reyslarida kelganlar 14 kun karantin markazida saqlanadi. Bular — Rossiya va boshqa MDH davlatlari, Turkiya, BAA, Eron, Afg‘oniston.

Vaziyat barqaror yoki yaxshilanayotgan davlatlarda reys kunigacha uzluksiz 14 kundan kam bo‘lgan, shuningdek, «qizil» davlatlardan tranzit orqali kelayotgan shaxslarga O‘zbekistonga kelish uchun aviachiptalar sotilmaydi.

Endi karantin xarajatini karantin talablarini buzgan qoplaydi

«Karantin cheklovlari sharoitida faoliyat yuritishiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub'yektlariga (qurilish, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish obektlari va b.) tegishli obektlarda belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ushbu obektlarni va shaxslarni karantinga olish hamda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mazkur sub'yektlar hisobidan qoplanishi belgilandi», deya e'lon qildi Respublika maxsus komissiyasi.

Karantin 1 avgustgacha uzaytirildi. Shu jumladan, hududlarni uch toifaga ajratish amaliyoti ham. Jamoat joylarida niqob va antiseptikdan foydalanilishi bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top