09:05 / 15.06.2020
124343
Karantin qonunsizlik degani emas: jarima maydoniga qo‘yilgan avtomobillar qo‘yib yuborilishi kerak

Karantin 1 avgustgacha uzaytirilib, 15 iyundan yana qator yengilliklar berildi. Biroq Respublika komissiyasi belgilagan yangi chora-tadbirlar orasida avvalroq karantin qoidalarini buzgani uchun jarima maydoniga qo‘yilib, karantin tugaguniga qadar ushlab turilishi lozim bo‘lgan avtomashinalar va ularning egalari taqdiriga oid biror yangilik aytilmadi.

Ma'lumki, karantin vaqtida stikersiz yoki ruxsat etilmagan vaqtlarda transport vositalaridan foydalangan shaxslarga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan ma'muriy jarima qo‘llanmoqda.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining 4 apreldagi qaroriga asosan, ushbu ma'muriy huquqbuzarlarning transport vositalari huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida istisno tariqasida ichki ishlar organlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan karantin davrida ushlab turilishi belgilandi.

Xalq qabulxonalarida ham hal bo‘lmayotgan murojaatlar

Kuni kecha Telegram`dagi rasmiy sahifamizda berilgan e'longa muvofiq, holat bo‘yicha tahririyatga ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.

Quyida ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

Urgut tumanida yashovchi Faxriddin Najmiddinov o‘z boshidan o‘tgan voqeani quyidagicha so‘zlab berdi:

«Onam kasal, doimiy dori-darmon bilan parvarishlaymiz. Yashash manzilim atrofida apteka yo‘qligi sababli tuman markazi tomon harakatlandim. Yo‘lda meni YPX xodimlari to‘xtatib, Urgut tumani «qizil hudud»ga kiritilganini aytib, mendan harakatlanish uchun maxsus stiker talab qilishdi.

YPX xodimlari xujjatlarimni olib mahalla noziriga berishdi, nozir o‘zini tanishtirib ham o‘tirmay, menga karantin qoidalarini buzgansan, deb ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirdi. SESdan hech kim yo‘q edi. Avtomashinamni jarima maydoniga qo‘yilgani haqida menga hech qanday topshirish-qabul qilish dalolatnomasiyam berishmadi. Hatto ma'muriy bayonnomani rasmga tushirganiyam qo‘ymadi.

Xullas, menga ortiqcha tushuntirish berib o‘tirmay, mashinamni olib qo‘yib, o‘zimni ko‘chaga chiqarib yuborishdi».

Toshkentlik Ilyos ismli fuqaro quyidagicha hikoya qiladi:

«Karantin vaqtida tegishli ruxsatnomasiz mashina boshqargan edim, mashinam olib qo‘yilib, Chorsudagi jarima maydonchasiga qo‘yildi. Jarima pulini to‘lashga imkonim yuq. Mashinam arendaga olingan edi. Jarima pulini to‘lolmay turgan bir paytimda jarima maydonchasi uchun to‘lanadigan pul miqdori ham o‘sib bormoqda. Bularni qanday to‘lashga ham hayronman, juda qiyin ahvolda qoldim».

Poytaxtning Yashnobod tumanida yashovchi talaba:

«9 mart kuni ishonchnoma muddati tamom bo‘lib qolgani uchun «shtrafnoy»ga qo‘yishgandi, bir haftadan keyin karantin boshlandi va mashinam jarima maydonida qolib ketdi. GAIga, jarima maydoniga qayta-qayta murojaatlarimiz befoyda bo‘ldi. Talabaman, jarimadan tashqari, shu holimga jarima maydoniga ham 3 oy uchun 1 080 000 so‘m pul to‘lashim kerak ekan».

Ushbu ma'lumotlarni tekshirish uchun avtomobillar saqlanayotgan Chorsu bozori yaqinidagi ko‘p qavatli jarima maydoni bilan bog‘lanib, rostdan ham avtomobil saqlangan har bir sutka uchun 12 000 so‘m xizmat haqi olinishiga ishonch hosil qildik. Jarima maydoni xodimi fuqarolarga transport vositalarini chiqarib berishi uchun tegishli mansabdor shaxsning yozma ruxsatnomasi va ko‘rsatilgan xizmat haqini to‘lab qo‘yish kerakligini ta'kidladi.

Taksichilik bilan shug‘ullanuvchi hamyurtimiz Shavkat Alimov shunday deydi:

«Taksichilik qilaman. 9 may kuni onamga dori-darmon olib kelish maqsadida mashina minib chiqqandim. YPX meni ushlab, yarim minimalka jarima yozaman, deb mashinamni jarima maydoniga jo‘natishdi. Keyinchalik bilsam, meni putyovkasiz chiqqan, deb bayonnoma tuzishibdi va 4 minimalka jarima yozishgan. Menda jarima to‘lashga buncha pul yo‘q, yolg‘iz boquvchiman, daromadim faqat taksidan edi. Karantinda uchta yosh bolamni boqishim kerak, onam esa kasal, unga dori-darmon kerak. Mashinam esa jarima maydonida turgani uchun kuniga 14 ming so‘mdan hisoblab borilyapti. Bu vaziyatdan chiqishga qanday yo‘l topishni bilmay boshim qotgan».

«Yeffective Engineering» MChJ direktori Avazbek Xusainov portalga yuborgan shikoyati javobsiz qolganini aytadi:

«Mening avtomashinam 2020 yil 5 aprel kunidan buyon jarima maydonida yotibdi, bugungi kunga kadar bir necha marta pm.gov.uz (Prezidentning virtual qabulxonasi – tahr.) portali orqali shikoyat qilgan bo‘lsam-da, na javob xati oldim va na mashinamni».

Tahririyatga bu kabi masalalarda murojaat yo‘llagan fuqarolar bilan bog‘lanib, shunga amin bo‘ldikki, ular ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqqan vakolatli shaxslardan avtomobillarini olib chiqishga ruxsatnoma berishni so‘rashgan bo‘lsa-da, karantin tugamagani vaji bilan mashinasi jarima maydonidan chiqarilishiga ruxsat berilmayapti.

Ayrim murojaatlarda, jarima to‘lovlari to‘langan bo‘lsa-da, mansabdorlar haydovchilardan avval ma'muriy jarimani to‘lab qo‘yishni talab qilishmoqda.

MJtKning 291-moddasi, shuningdek Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 36-bandida huquqbuzarlik sodir etilganda, transport vositasi ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va ma'muriy ish ko‘rib chiqilgunga qadar ushlab turilishi mumkinligi qayd etilgan.

Yuqoridagi qoidadan shuni tushunish mumkinki, ushbu vaziyatda ushlab turish sababi bartaraf etilganidan, masalan tonirovkali oynadan tonirovkani olib tashlash yoki haydovchi sug‘urta polisini ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxsga ko‘rsatgandan so‘ng avtomashina jarima maydonida chiqarib yuborilishi lozim.

Ma'muriy ish ko‘rib chiqilganidan so‘ng transport vositasini ushlab turish vaqti tugaydi va u egasiga qaytarib berilishi shart. Ushbu holatda transport vositasini jarima maydonidan chiqarish uchun haydovchidan ma'muriy organ belgilagan jarimani to‘lashni talab qilish ham noqonuniy hisoblanadi.

Avtotransport vositasining jarima maydonidan qo‘yib yuborilmasligi ma'muriy jarimani undirishning oson va ishonchli mexanizmiga aylantirib olingan. Aslida ma'muriy ish ko‘rib chiqilganidan so‘ng haydovchi jarimani to‘lamasdan ham transport vositasini olib ketishga haqli. Jarimani esa huquqbuzar belgilangan vaqt ichida ixtiyoriy ravishda to‘laydi. Ixtiyoriy to‘lanmagan jarimalar esa maxsus vakolatli organ – majburiy ijro bo‘limlari tomonidan undirilishi lozim.

Transport vositasini qaytarib berish jarayoni qonun hujjatlari buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 10 va 11-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ya'ni, vakolatli mansabdor shaxs transport vositasi ushlangani sabablari bartaraf etilgandan keyin to‘xtash joyiga joylashtirilgan transport vositasini haydovchiga (egasiga, egasining vakiliga) berishga yozma ruxsatnoma beradi. Shundan so‘ng, transport vositasini olib kelish va saqlash bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘langandan keyin jarima maydonining tegishli xodimi ushbu yozma ruxsatnomaga asosan transport vositasi haydovchisiga (egasiga, egasining vakiliga) transport vositasini qaytarib beradi.

Ushlanganligi sabablari bartaraf etilganligi – jarima to‘langanligi deb tushunilmasligi kerak.

Biroq amaliyotda yuqorida keltirilgan qonun hujjatlarining barchasi Maxsus komissiyaning birgina qarori oldida ojiz qolmoqda: karantin qoidalarini buzgan holda transport vositalarini boshqargan shaxslarga katta miqdorda jarima qo‘llanganidan tashqari ularning transport vositalari hamon egalariga qaytarilmay, jarima maydonlarida saqlab kelinmoqda.

Deputatlar nazdida noqonuniy, Adliya vazirligi xodimi va Ichki ishlar vazirligi uchun esa aksi

Ushbu holatga nisbatan jamoatchilikda paydo bo‘lgan keskin e'tirozlarga javoban Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotda Maxsus komissiyaning 2020 yil 4 apreldagi qaroriga asosan karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni jarima maydonchasiga joylashtirish Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga muvofiq qonuniyligi aytib o‘tilgan.

Avvalroq, Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev karantin qoidalarini buzgan haydovchilarning avtotransport vositalari jarima maydoniga qo‘yilishini noqonuniy deb hisoblashi haqida post qoldirgan edi.

Qonunchilik palatasining yana bir deputati Doniyor G‘aniyev ham hamkasbining fikrlariga qo‘shilib, transport vositalarini karantin tugaguncha ushlab turish qonunchilikka zidligi, transport vositalari maxsus ruxsatnomasiz boshqarilgan taqdirda 4 mln 460 ming so‘mdan 6 mln 690 ming so‘mgacha miqdordagi ma'muriy jarimani qo‘llagan holda, transport vositasi fuqarolarning o‘ziga qaytarib berilishi lozimligini, zero bunday katta jarimaning o‘zi ham katta tarbiyaviy, profilaktik ta'sirga ega bo‘lib, huquqbuzarlik davom ettirilishining oldini olish uchun yetarli ekanini aytgandi.

Darhaqiqat, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasida sanalgan normativ-huquqiy hujjatlar turlari qatorida Komissiya qarorlari tilga olinmagan.

Kezi kelganda aytish kerakki, biz shu bugungacha Komissiyaning birorta qarori matnini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimiz yo‘q.

Bundan tashqari, yuqoridagi Qonunning 28-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e'lon qilinishi kerakligi, rasmiy e'lon qilinmagan qonun asosida hech kim hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emasligi qat'iy belgilangan.

Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat bayon tarzida rasmiy e'lon qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda e'lon qilinganda uning barcha rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Ushbu Qonunning 29-moddasida esa normativ-huquqiy hujjatlar e'lon qilinadigan rasmiy manbalar sifatida «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami», «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz) va boshqa bir qator manbalar keltirilgan. Ammo negadir ular qatorida Telegram`dagi birorta kanal ko‘rsatilmagan.

Shulardan xulosa qilish mumkinki, MJtK 291-modda 1-qismining «a» kichik bandida tilga olingan «qonun hujjatlari»dan murod – bu aynan yuqorida keltirilgan tartibda e'lon qilinadigan rasmiy hujjatlardir.

Biroq yurist G‘aybullo Primov MJtKning 291-moddasida qonun hujjatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda ham transport vositalarini jarima maydoniga joylashtirish mumkinligini ta'kidlagandi.

Agar G‘aybullo Primov ta'kidlaganidek, MJtKning 291-moddasidagi «qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda» degan jumla o‘zida Komissiya qarorlarini ham qamrab oladigan bo‘lsa, unda nega Komissiya qarorlari rasmiy nashrlar yoki qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi hisoblangan lex.uz saytida emas, Telegram`dagi kanalda e'lon qilinmoqda?

Agar Komissiya qarorlari «qonun hujjatlari» hisoblansa, nega qonun talabiga ko‘ra, barcha rekvizitlari bilan hujjat shaklida to‘liq matnda e'lon qilinmayapti?

Qonun ustuvorligi prinsipiga ko‘ra, Komissiya qarori qandaydir rasmiy xarakterga ega bo‘lgani bilan, uning amal qilish kuchi Kodeksdan ustun turmaydi. Komissiya qarorida belgilangan qaysidir qoida Kodeksga zid kelyaptimi, demak qarorga emas, Kodeksga amal qilish kerak.

Boz ustiga, biz Komissiyaning 2020 yil 4 apreldagi qarori matnini hali biror yerda ko‘rmadik. Shunchaki Telegram`dagi kanaldan va televideniyeda uzatilgan brifinglardan transport vositalari «istisno tariqasida» karantin davrida ushlab turilganini bilmoqdamiz, xolos.

Keling, ushbu qoidani qonuniy deb hisoblaylik ham. Bir necha oy avval butun respublika miqyosida qat'iy karantin choralari amal qilayotgan davrda ushbu qaror asosida transport vositalari jarima maydonida saqlab turilgani to‘g‘ri qaror bo‘lganiga o‘zimizni ishontirib ham ko‘raylik. Ammo ayni kunlarda karantin choralari yumshatilib, maxsus ruxsatnomasiz ham barcha turdagi transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berilgan bir zamonda bir necha oy oldin jarima maydonchalariga joylangan transport vositalarining hamon egalariga qaytarib berilmayotganini qanday tushunish mumkin?

4 million so‘mdan oshiq jarima to‘lagani yetmaganday, jarima maydonida saqlaganlik uchun har kunlik to‘lovlarni haydovchi yelkasiga yuklash kimga kerak?

 

Odil sudlov vakili qanday fikrda?

Ayni masalada Mirobod tuman Ma'muriy sudi raisi Yuldoshev Suxrob Sharifovich o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Suxrob Yuldashevning fikriga ko‘ra, agarda MJtK 54-moddasining 2-qismi bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektori tomonidan bayonnoma tuzilgan va jarima jazosi belgilangan bo‘lsa, ushbu holatda MJtK 291-moddasining talabi bo‘yicha ma'muriy ish ko‘rib chiqilgan hisoblanadi va shu ondan boshlab, ma'muriy jarima to‘lanmagan bo‘lsa ham transport vositasi jarima maydonidan chiqarib yuborilishi kerak.

Qonun talabiga ko‘ra, bu vaziyatda sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektori jarima maydoniga joylashtirilgan transport vositasini haydovchiga (egasiga, egasining vakiliga) berishga yozma ruxsatnoma yozib berishi shart.

«O‘lganning ustiga tepmaylik!»

Mana shunday mavhumlik ortidan yuzlab, balki minglab transport vositalari jarima maydonlarida qolib, shundoq ham karantin davrida sillasi qurigan xalqning bir dardini o‘n azobga aylantirmoqda.

Bundan faqat va faqat bo‘sh yer maydonidan pul qiluvchi jarima maydoni egalarigina manfaat ko‘rmoqda, xolos. Jabrini esa har doimigidek oddiy xalq tortmoqda.

Shunday ekan, jarima maydonlarida yotgan avtomashinalarni o‘z egalariga qaytarishni, qaytarilganda ham ushlab turish sababi bartaraf etilgan yoki ma'muriy ish ko‘rib chiqilgan vaqtdan boshlab ushlab turilgan davr uchun jarima maydoni to‘lovlarini undirmaslikni nazarda tutuvchi ko‘rsatma berilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Maqsadimiz – kimnidir ayblash emas, balki karantin vaqtida og‘ir vaziyatda qolgan fuqarolarning moddiy ahvolini yanada og‘irlashtiradigan mazkur tartibning ham qonunga, ham adolatga zidligini ko‘rsatib berish, ushbu masalaga rasmiylar e'tiborini qaratib, vaziyatning xalq foydasiga adolatli yechim topishiga erishishdan iboratdir.

Zero transport vositasi jarima maydonida ushlab turilgan haydovchilar orasida o‘z ulovi ortidan ro‘zg‘or tebratadiganlari ham talaygina.

Dilshod Abduqodirov
Abbos Salaydinov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top