23:51 / 15.06.2020
8623
La Liga. Futbolda nimalar o‘zgardi?

Ispaniya futbolidagi asosiy insayderlardan biri Gilem Balage yangilangan Ispaniya chempionatidagi ilk o‘yinlardan so‘ng, klublarning bosh murabbiylari bilan gaplashdi va bir qator muhim mulohazalarni yig‘di.

Foto Reuters

28-turdan keyin murabbiylar qo‘yidiga jihatlarga alohida e'tibor qaratishgan.

Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi - mavsumdagi ilk o‘yinlardagi kabi. Hatto undan ham yomonroq bo‘lishi ehtimoli katta. Chunki odatiy yozgi ta'tildan ham uzoqroq tanaffus bo‘ldi va futbolchilar odatiy mavsumoldi mashg‘ulotlarni amalga oshira olishmadi ham. O‘yin oxirlarida jamoalar charchab qolayotganining sababi shundan.

Barcha bor imkoniyati bilan o‘ynamoqda - buni futbolchilarning o‘ynashni sog‘inganliklari bilan ham izohlash mumkin. Shuning uchun ham o‘yin oxiriga borib tomir tortib qolish holatlari kuzatilmoqda. Odatda yuqori tempdagi o‘yinlarda ham bu holat kam kuzatilardi.

Hammadan ham darvozabonlarga qiyin bo‘lyapti - tanaffus vaqtida ularga mashg‘ulot jarayonini tashkil qilish juda qiyin bo‘lgan. O‘rtoqlik o‘yinlarisiz yuqori formaga qaytish darvozabonlar uchun qiyinroq.

O‘yinlar taqvimi zich bo‘lgani uchun yangiliklarni amalda sinab ko‘rish uchun vaqt yo‘q. Asosiy e'tibor va vaqt tiklanishga sarf bo‘lmoqda. Futbolchilar texnik holati ham o‘rtachadan past.

Besh marta futbolchi almashtirish murabbiylarga qo‘l kelmoqda - masalan, «Vilyarreal» o‘yin davomida barcha kreativ futbolchilarni almashtirishga muvaffaq bo‘ldi va o‘yin oxirida g‘alaba qozondi.

Taqvim zich bo‘lgani uchun kuchsiz klublar o‘ziga xos strategiya va afzalliklarni tanlashmoqda. Masalan, «Eybar» «Real»ga qarshi kuchli tarkibni qo‘ymadi, chunki baribir imkoniyat kam. Buning o‘rniga uch kundan keyin, saviya jihatidan yaqinroq bo‘lgan jamoaga qarshi o‘yinga urg‘uni qaratgan.

O‘yin ritmi o‘zgarishi odatdagidan ancha kam bo‘lmoqda. Masalan, «Sevilya» derbining birinchi bo‘limida o‘yin tempini juda uzoq vaqt bir xil ushlab turgani e'tiborga molik.

Hakamlar bilan tortishuvlar ham kamaygan. Futbolchilar hakam qarorlarini xotirjam qabul qilishyapti. Bu ham tabiiy. Birinchidan, bo‘lib o‘tgan voqealar, pandemiya ularni yanada sokinroq qilib qo‘ygan bo‘lsa, yana bir sababi, muxlislarning quvvatlashi bo‘lmagani uchun emotsional holatga kirib qolishmayapti va o‘zlarini ancha xotirjam tutishmoqda.

Top