15:27 / 15.06.2020
4561
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Orol dengizining barcha qismini yagona davlat unitar korxonasiga berilishiga qarshi chiqdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qayd etishicha, bugungi kunda Mo‘ynoq tumanida artemiya tsistalarini ovlash, quritish, qayta ishlangan mahsulotni eskporti bilan 23 ta sub'yektlar shug‘ullanib kelmoqda.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida artemiya tsistasini ovlash va qayta ishlashni samarali tashkil va yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi yuzasidan qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash bo‘yicha xulosasini taqdim etdi.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori loyihasida Mo‘ynoq tumani hokimligi huzurida “Orol artemiya sanoat” davlat unitar korxonasini tashkil etish va Orol dengizining O‘zbekiston Respublikasiga tegishli barcha qismini artemiya tsistasini ovlash va qayta ishlash tarmog‘ini rivojlantirish uchun 2020 yil 1 apreldan boshlab belgilangan tartibda “Orol artemiya sanoat” DUKga doimiy alohida foydalanish uchun o‘tkazish nazarda tutilgan.

“Yangi davlat korxonasi monopoliyasi kerakmi?”, deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan. Qo‘mitaning qayd etishicha, bugungi kunda Mo‘ynoq tumanida artemiya tsistalarini ovlash, quritish, qayta ishlangan mahsulotni eskporti bilan 23 ta sub'yektlar shug‘ullanib kelmoqda.

Xulosada ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasiga muvofiq Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining:

•  ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi;

•  ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko‘rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga  to‘sqinlik qiluvchi hamda iste'molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga yo‘l qo‘yilmasligi qat'iy belgilangan.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, birinchidan, mazkur bozorda (artemiya tsistasi yetishtirsh va sotish) davlat unitar korxonasini tashkil etish maqsadga muvofiq emas. 
•  Shu sababli qaror loyihasi konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqish;
•  ikkinchidan, qaror loyihasida quyidagilarni nazarda tutish:
•  Orol dengizining O‘zbekiston Respublikasiga tegishli barcha qismini artemiya tsistasini ovlash va qayta ishlash tarmog‘ini rivojlantirish uchun barcha tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoitlar yaratish;
•  shu soha bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini kengaytirish uchun ko‘maklashish;
•  artemiya tsistasi yetishtiruvchi tadbirkorlik sub'yektlariga kvotalar ajratishda xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etish talabini belgilash.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ko‘rsatilgan takliflar asosida o‘zgartirilgandan so‘ng qabul qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi”, deyiladi qo‘mita xulosasida.

Top