10:36 / 15.06.2020
14530
Surxondaryo viloyati hokimligi hududdagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha bayonot berdi

Hozirgi kunda viloyatda 3254 nafar fuqaro karantinga olingan. 

Joriy yilning 9 iyun kuniga qadar Surxondaryo viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, ushbu kasallikka chalingan fuqarolarning barchasi sog‘ayib uylariga qaytgan edi.

Kecha, 14 iyun kuni viloyatda yangi kasallanish holatlari qayd etildi, aholi orasidan 9 nafar koronavirusga chalingan bemor aniqlandi. 

Viloyat hokimligi bayonotida aytilishicha, ayni paytda barcha bemorlar Termiz shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida tegishli muolajalarni olmoqda. Davolash ishlari belgilangan standartlar va videokonsiliumlar asosida malakali shifokorlar tomonidan olib borilayotir. 

Kasallik aniqlanganlarning barchasi Surxondaryo viloyatidan bo‘lib, ularning 1 nafari og‘ir, 4 nafari o‘rta og‘ir, qolganlari nisbatan qoniqarli ahvolda.

Hozirgi kunda viloyatda 3254 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 278 nafari tibbiyot muassasalarida, 594 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 2382 nafari esa o‘z uylarida kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Viloyatda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish uchun kuchaytirilgan tartibda zarur profilaktik chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Viloyatga kirib chiqiladigan “Darband” yo‘l-patrul posti hamda Termiz shahri, Muzrabot, Termiz, Sho‘rchi, Boysun, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida qat'iy karantin talablari joriy etilgan.

“Aziz surxondaryoliklar!

Viloyatimizdagi hozirgi epidemiologik vaziyatda barchamiz koronavirusga qarshi kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga qat'iy rioya qilish hamda vohadoshlarimizning salomatligini asrashni asosiy vazifamiz, deb bilishimiz zarur.

Har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas'uliyat bilan yondashib, sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne'mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart.

Sizlarni yana bir bor kuchaytirilgan karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat'iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa, uyda qolishga chaqiramiz!” - deyiladi bayonotda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top