08:43 / 15.06.2020
10077
Toshkent shahar IIBB xodimlari ishtirokidagi video bo‘yicha izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar IIBB xodimlari ishtirokidagi video tarqaldi. Poytaxt IIBB ushbu video bo‘yicha izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Chilonzor tumani IIO FMB xodimlari Yunusobod tumanida fuqaroni ichki ishlar organlariga yetkazish uchun xizmat avtomobiliga o‘tqizishga harakat qilishayotgani tushirilgan. Fuqaro esa qarshilik ko‘rsatib, advokat taklif etilishini talab qilgan

Shu bilan birga, videoning matnida boshqa fuqarolar ham qayd etilgan bo‘lib, ulardan biri ilgari mol sotib olish uchun undan pul olgan va molni ham, pulni ham qaytarib bermagan shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan.

IIBBning mazkur fakt bo‘yicha ma'lum qilishicha, joriy yil 28 may kuni Chilonzor tumani IIO FMBga kelib tushgan arizada, I.M. mol sotib olishni bahona qilib undan katta miqdorda pul olgan, ammo va'dasida turmasdan, pulni ham qaytarib bermagan shaxslarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu munosabat bilan kelib tushgan ariza bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish maqsadida Yunusobod tumanida yashovchi D.I.ga joriy yilning 10 iyun kuni Chilonzor tumani IIO FMBga 11 iyun kuni yetib kelish haqida chaqiriqnoma berildi. Chaqiriqnoma berish vaqtida unga chaqiruv sababi ham tushuntirilgan.

“D.I. Chilonzor tumani IIO FMBga chaqiruvni mensimaganligi sababli, Chilonzor tumani IIO FMB 1-son ichki ishlar bo‘limi xodimlari D.I.ning turar joyiga borib, uni ichki ishlar organlariga yetkazishga majbur bo‘lishgan”, - deyiladi ma'lumotda.

Hozirgi vaqtda to‘plangan ma'lumotlar dastlabki tergov organlariga qonuniy chora ko‘rilishi uchun yo‘naltirilgan.

Qayd etilishicha, D.I.ni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.

Top