00:15 / 15.06.2020
6814

Uorren Baffettga qarashli g‘isht kompaniyasi AQShda namoyishchilarga g‘ishtlar yetkazib berishda gumon qilinmoqda

Foto: AP

G‘isht ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya Acme Brick AQShdagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashda gumon qilinmoqda, deb yozmoqda Bloomberg. Kompaniya hozirda amerikalik sarmoyachi, milliarder Uorren Baffettning Berkshire Hathaway xoldingiga tegishli hisoblanadi. 

Iyun boshida ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kompaniya g‘ishtlari namoyishchilar qo‘llashi uchun ataylab ko‘chalarda tashlab ketilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Ushbu gumonlar haqida kompaniyaning marketing bo‘yicha direktori Britt Stouks ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topgan. Foydalanuvchilardan biri Twitter’da kompaniya logotipi tushirilgan g‘ishtlar suratini joylashtirgan. Uning ta'kidlashicha, g‘ishtlar Frisko shahrida namoyishchilar olishi uchun ataylab ko‘chalarda tashlab ketilgan. Stouks suratdagi g‘ishtlar partiyasini tekshirib, ushbu partiya devorni ta'mirlash uchun uy egalari uyushmasiga yetkazilganini aniqlagan. Mahalliy politsiya ham ushbu ma'lumotni tasdiqlagan.   

Shunga qaramay, kompaniya namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi mish-mishlar ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Facebook, YouTube, TikTok orqali tarqala boshlagan. Ijtimoiy tarmoqlar yolg‘on ma'lumotlarga qarshi kurashsa-da, biroq bunday ma'lumotning tarqalishini nazorat qilish muammo hisoblanadi, chunki u bir ijtimoiy tarmoqdan ikkinchisiga o‘tib ketadi.

AQShda afroamerikalik Jorj Floyd o‘limidan keyin noroziliklar boshlangandi. Ko‘plab joylarda namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketgan. Namoyishchilar politsiyaga qarshi to‘qnashuvlarda g‘ishtlar qo‘llagan holatlar ham qayd etilgan. 

 

Top