23:53 / 15.06.2020
3352
Yirik miqdordagi tibbiyot buyumlari va dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari DXX xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri hududida tezkor tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Tezkor tadbir davomida, poytaxtimizdagi avtoturargohlarning birida fuqaro O‘.A. boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtoulovdagi 2 dona qutida umumiy qiymati 242 425 000 so‘mlik 2800 dona tibbiyot jarrohlik buyumlari va 7150 dona dori vositalari borligi aniqlandi.

Tadbir davom ettirilib, fuqaro O‘.A. ko‘rsatmasiga asosan, ushbu dori vositalarining egasi fuqaro A.B.ning yashash manzili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, xonadonning kirish qismidagi yo‘lakda umumiy qiymati 146 975 000 so‘mlik, 2566 dona dori vositalari, 500 dona tibbiyot jarrohlik buyumlari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida umumiy qiymati 389 400 000 so‘mlik xorijda ishlab chiqarilgan hamda hech qanday hujjatlari bo‘lmagan tibbiyot buyumlari va dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Top