12:50 / 16.06.2020
6884
Noqonuniy “tergov”larga butunlay chek qo‘yish vaqti keldi
Foto: Pinterest

Huquq-tartibot idoralari tizimida ko‘p islohotlar qilinyapti, qonunga rioya etilishini ta'minlash, kuch ishlatish, zo‘ravonlik holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Lekin, afsuski, xizmat vazifasining mazmun-mohiyatini anglab yetmagan xodimlar hali hamon yo‘q emas.

Mamlakatimizda ochiq va oshkoralik tamoyili o‘rnatilgani sayin turli sohalardagi qonunbuzarliklar, fuqarolarning huquq hamda manfaatlari buzilishiga beparvolik holatlaridan xabardor bo‘lmoqdamiz va bu haqli ravishda g‘azabimizni qo‘zg‘amoqda.

Kechagina Andijon viloyatida ro‘y bergan jinoyat ichki ishlar tizimida “qonunga so‘zsiz itoat qilish”, degan tushuncha ishlamasligining isbotidir. Xo‘sh, nima uchun mamlakatimizning turli hududlarida bunday holatlar yuz bermoqda? Nega “qat'iy chora ko‘rildi”, deb berilgan hisobotlardan keyin yana fuqarolarni qiynoqqa solish, inson huquqlarini bemalol poymol qilish kuzatilmoqda? Bizningcha, bu ko‘rilayotgan “choralar” tor doirada qo‘llanishi, tizimga yetarlicha ta'sir qilmaganining oqibatidir.

Andijon voqeasini olaylik. Bevosita fuqaroni kaltaklagan “mushtumzo‘rlar”ga jinoyat ishi ochildi, ikki nafar rahbar ishdan chetlatildi. Xo‘p, shu bilan tizim yaxshilanib qoladimi? Bir onaning navqiron o‘g‘lini bevaqt o‘limiga faqat ular aybdormi?

Gumonlanuvchi sifatida o‘sha yigitni uyidan zo‘rlik bilan olib chiqishda, uni idoraga olib kelishda qatnashganlar buning noqonuniy ekanligini bilmasmidi? Ichki ishlar idorasiga olib kirilib, hech qanday qaror, hujjatsiz uni “tergov” qilish holatidan idoradagi boshqa xodimlar, rahbarlar bexabarmidi? Bu birinchi shunday holatmikin?..

Demokratiya asosida jamiyat barcha a'zolarining qonunga so‘zsiz itoat qilishi turadi, bunda, ayniqsa, kuchishlatar tizim xodimlari o‘rnak bo‘lishlari lozim.

Mudhish holat buni yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. Bosim o‘tkazish, jismoniy kuch ishlatish, qo‘rquvda ushlab turish kabi noqonuniy usullar natija bermaydi.Zamon butunlay o‘zgargan, odamlarning g‘ururi, qadr-qimmatiga tegish yaxshilikka olib kelmaydi.

Aybdorlar qat'iy jazolanishi masalaning birinchi tomoni. Bundan keyin nafaqat ichki ishlar, balki boshqa huquq-tartibot idoralari tizimida shaffof va tanqidiy tahlil o‘tkazilishi kerak. Chunki bu voqeadan keyin boshqa hududlarda ham vaziyat shundaymi, degan jamoatchilik savoliga asosli, ishonarli javob berilishi zarur.

Voqea haqidagi xabarlar OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqaldi, bu holat inson huquqlarini ta'minlash bo‘yicha keng islohotlar boshlangan, eski xatolar tuzatilayotgan paytda mamlakat obro‘siga salbiy ta'sir yetkazishi mumkin. Buning oldini olish uchun masalaga yanada chuqurroq va kengroq qarash talab etiladi.

Tergov xonalariga o‘rnatilgan kameralar ochiqlikni, qonun ustuvorligini ta'minlab berolmayotgan paytda bu juda muhim. Kameralar o‘rnatildi, lekin “o‘chirib-yoqish” tugmalari kimlarning qo‘lida qoldi, degan masalani ham chuqur tahlil etish zarur. Tergov-surishtiruv jarayonlarida qonuniylik to‘liq ta'minlanmasdan, bunday holatlar boshqa takrorlanmasligiga amin bo‘lish mushkul.

Bizningcha, huquq-tartibot idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari, xususan, ularning kuch ishlatishi, bosim o‘tkazishi haqidagi murojaatlarni fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida respublika miqyosida chuqur o‘rganish va tahlil qilish, natijalar bo‘yicha jamoatchilikka tezkor axborot yetkazishni yo‘lga qo‘yish zarur.

O‘rganish natijasida aniqlangan holatlarga tayanib, qiynoqlarga yo‘l qoldirmaslik maqsadida tizimli takliflar tayyorlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Lozim bo‘lsa, qonun hujjatlariga shu masalada fuqarolarning himoyasini kuchaytirishga xizmat qiluvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish joiz.Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonda qonun ustuvorligi ta'minlangan davlat barpo qilish, barcha fuqarolarning haq-huquqlari qonun bilan kafolatlanishi uchun albatta kurashadi.

Inson hayoti muqaddas, unga huquq-tartibot xodimlari daxl qilishi juda og‘ir holat. Har bir inson qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, uning ustuvor huquq va manfaatlarini to‘liq ta'minlash borasidagi islohotlar hali izchil davom etishi zarur.

Xalq demokratik partiyasi

Markaziy Kengashi

Top