19:50 / 16.06.2020
27650
Prokurorlar suddan Atamboyevni 15 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘rashdi

Almazbek Atamboyevga nisbatan bir nechta ayblov e'lon qilingan.

Foto: TASS

Ayblovchi tomon Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni 15 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi. Bu haqda kriminal avtoritet Aziz Batukayevning qamoqdan noqonuniy ravishda ozodlikka chiqarilishi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotgan Bishkekning Pervomaysk rayoni sudi ma'lum qildi. 

"Prokurorlar ushbu jinoyat ishi doirasida Atamboyevni 15 yilga ozodlikdan mahrum qilishni taklif etishdi", - dedi sud devonxonasi xodimi.

Batukayev 2006 yilda Bishkek yaqinidagi koloniyalardan birida ommaviy tartibsizliklar uyushtirgani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum etilgandi. Isyon vaqtida deputat Tinichbek Akmatbayev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki xodimi o‘ldirilgandi. Batukayev 2013 yilda qonida saratonning so‘nggi bosqichi aniqlangani to‘g‘risidagi shifokorlar komissiyasi xulosasi asosida ozodlikka chiqarilgandi. U bir necha soatdan keyin yangi pasport olgan va Chechenistonga uchib ketgan. Tergovning taxminiga ko‘ra, uning ozod etilishiga yuqori lavozimli amaldorlar, jumladan sobiq prezident Atamboyev ham aloqador.

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari 7-8 avgust kunlari Atamboyevning uyi joylashgan Qo‘y-Tosh qishlog‘ida uni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot o‘tkazgandi. Amaliyot davomida maxsus xizmatlar xodimlari Atamboyevning tarafdorlariga qarshi maxsus vositalar qo‘llashgan. Sobiq prezidentning tarafdorlari bunga javoban o‘t ochishgan. Atamboyev tarafdorlari, shuningdek, 6 jangchini garovga olishgan. Natijada bir kunga yaqin davom etgan to‘qnashuvlardan keyin Atamboyev taslim bo‘lishga qaror qilgan. Voqea vaqtida 136 kishi jabrlangan, bir jangchi halok bo‘lgan. 

Ayni vaqtda Atamboyevga nisbatan bir nechta ayblov e'lon qilingan. Batukayev ishi bo‘yicha hukm 22 iyun kuni e'lon qilinadi.

Top