22:19 / 16.06.2020
147026
Shavkat Mirziyoyev: «Agar vaziyat shunday davom etsa, ko‘p viloyatlar va shaharlarni yopishga majbur bo‘lamiz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kungi videoselektor yig‘ilishida mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni so‘nggi 2 haftada keskin oshgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, oxirgi 2 haftada:

  • Toshkent shahrida aniqlangan 551ta holatning 482tasi;
  • Toshkent viloyatidagi 734ta holatning 79tasi;
  • Navoiy viloyatidagi 108ta holatning 83tasi;
  • Qashqadaryo viloyatidagi 51ta holatning 48tasi aholi orasida aniqlangan.

Shuningdek, so‘nggi ikki haftada kasallanganlar orasida yuqish manbayi noma'lum bo‘lib qolayotganlar soni:

  • Toshkent shahrida 57ta;
  • Toshkent viloyatida 22ta;
  • Navoiy viloyatida 25ta;
  • Qashqadaryo viloyatida 3tani tashkil etadi.

Ta'kidlanishicha, hozirgi vaqtda respublikadagi tuman va shaharlarning 34tasi «qizil», 24tasi «sariq» hudud etib belgilangan.

«Bularning barchasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Bugun pandemiyaga qarshi kurashda hushyorlik va mas'uliyatni bir karra emas, o‘n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Men birinchi kundan karantin sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimiz kerak deb aytganman. Lekin agar shunday davom etaversa, ko‘p viloyatlar, ko‘p shaharlarni yopishga majbur bo‘lamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Respublika maxsus komissiyasiga pandemiya sharoitida karantin qoidalariga rioya etilishini ta'minlamagan hududlar, korxona va tashkilotlar rahbarlariga javobgarlikni oshirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Kerak bo‘lsa, rahbarlarni ham ishdan olishga majbur bo‘lamiz. Nimaga desangiz, bu odamlarning xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq», – dedi u.

Davlat rahbari faoliyatini qayta boshlayotgan korxonalar, bozorlar va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlarini, sanitariya nazoratini kuchaytirish kerakligini ta'kidladi.

«Aholiga xizmat ko‘rsatadigan, bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus bo‘yicha muntazam testdan o‘tkazish amaliyotini kengaytirishimiz kerak», – dedi Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga Qashqadaryo viloyatida 6ta kasallanish holati qayd etilib, 1 may kuni ulardan so‘nggisi tuzalib chiqqan va viloyat koronavirusdan xoli hududga aylangandi. Ammo 5 iyundan buyon viloyatda 51 kishida Covid-19 aniqlandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top