15:04 / 16.06.2020
61177
Sotuvchilar, bank xodimlari, usta, bog‘bon va talaba. Vazirlik so‘nggi holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrining Olmazor, Sergeli va Shayxontohur tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan. Jumladan, «Chorsu» bozori va «Poytaxt» savdo markazi sotuvchilarida virus chiqqan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 14-15 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«So‘nggi kunlarda yurtimizda aholi orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilish holatlariga e'tibor qaratsak, qator hududlardagi ko‘plab tashkilotlarda faoliyat yurituvchi xodimlarda kasallik qayd etilayotganining guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 14 iyun kuni yurtimizda koronavirus tasdiqlangan 114 nafar bemordan 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 15 iyun sanasida esa koronavirus qayd etilgan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Ikki kunlik ma'lumot, ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

15 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan», deyiladi xabarda. 

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi «Chorsu» buyum bozori sotuvchisida (ishxonadan so‘ralgani uchun profilaktika maqsadida tahlil topshirgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: «Smart haus» xususiy qurilish firmasi dasturlovchisida (ishga borish uchun tahlil topshirgan), respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolanishga yotish uchun tahlil topshirgan bemorda hamda tana harorati ko‘tarilgani sababli shifoxonaga borib tahlil topshirgan fuqaroda, shuningdek, Sergeli tumani Xonobod mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisi hamda shu tumandagi maktab o‘quvchisi (tana harorati ko‘tarilgan va oilaviy poliklinika uchastka shifokoriga murojaat qilgan) va uning onasida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida yashovchi, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti talabasida (tomog‘ida og‘riq bo‘lgan, tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), shu tumanda yashovchi, «Orzu» fabrikasi bog‘bonida (tana harorati ko‘tarilgani bois tahlil topshirgan), Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (holsizlik, yo‘tal to‘xtamaganidan keyin shifoxonaga borib, tahlil topshirgan), «Poytaxt» savdo majmuasi kiyim do‘koni sotuvchisida hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Uchtepa tuman filiali mutaxassisida ham kasallik qayd etilgan. 

Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani «Charog‘bon» MFYdagi  avtomashinalarni ta'mirlash ustasi (tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna olingan), «Hamkorbank»ning Urgut filiali xodimida (mazkur moliya muassasasining barcha xodimlaridan profilaktik maqsadda namuna olingan), ushbu tumanda qandli diabet kasalligi bo‘yicha davolanishga yo‘llanma olish uchun namuna olingan bemorda ham koronavirusga chalingani ma'lum bo‘lgan.

«Tahlillardan oydinlashadiki, yon atrofimizda koronavirus xavfi hamon mavjud. Shu yilning 15 iyundan boshlab karantin qoidalari yanada yumshatilib, qator faoliyat turlariga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, hushyorlikni aslo yo‘qotmasligimiz lozimligini kunlik voqea va ko‘rsatkichlar ko‘rsatib turibdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni vaziyatdan kelib chiqqan holda, aholidan, yana takror va takror karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy rioya qilishni, jumladan, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, chiqqanda esa niqobni to‘g‘ri taqib yurishni, qo‘l berib salomlashish, quchoq ochib ko‘rishishdan vaqtincha tiyilish, ijtimoiy masofa saqlash, tirband jamoat transportiga chiqmaslik, niqobsiz bo‘lgan yo‘lovchilarga yaqinlashmaslik, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvishni doimiy odatga aylantirishni so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top