17:22 / 16.06.2020
3861

Suma Chakrabarti YeTTB prezidenti sifatidagi 8 yillik faoliyatiga yakun yasaydi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti 2 iyul kuni o‘z vakolatlarini topshiradi. Bu haqda u Twitter`dagi sahifasida ma'lum qildi.

Foto: ebrd.com

61 yoshli hindistonlik ingliz funksioneri 2012 yil 18 mayida YeTTB prezidenti etib saylangan, 4 yillik mandati yakunida – 2016 yil mayida lavozimiga qayta saylangan edi.

2 iyuldan boshlab bankka birinchi vitse-prezident Yurgen Rigterink vaqtincha rahbarlik qiladi. Muassasa prezidentligi uchun saylov kuzda bo‘lib o‘tadi, aksionerlar yig‘ilishi sanasi keyinroq ma'lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YeTTB hamkorligi tiklanib, birgalikdagi loyihalar portfeli qariyb 1,2 mlrd dollarga yetgan. Andijon shahrida ofisini ochgan xalqaro moliya muassasasi Urganch shahrida ham vakolatxonasini ishga tushirishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni YeTTB Boshqaruvchilar kengashining 2023 yildagi majlisini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qilgan.

Mavzuga oid
Top