19:20 / 16.06.2020
10385

Tanqiddan so‘ng: hazorasplik 83 yoshli fermerning yerlari qaytarildi

Xorazm viloyati Hazorasp tumani Yangibozor qishlog‘idagi «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi yerlari 2019 yil hosili bo‘yicha rejalarni bajarmagani, ba'zi ekin turlarini ortiqcha ekkani, ba'zilarini kam ekkani, tuman hokimligi bilan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasini tuzmasdan, yer maydonlaridan noqonuniy foydalanib kelayotgani ayblovlari bilan davlat zaxirasiga qaytarilgan edi.

Fermer xo‘jaligi rahbari 83 yoshli Bolta ota Davletov bundan norozi bo‘lib, tahririyatimizga murojaat yo‘lladi.

Bu haqda «Hazoraspda ilg‘or dehqonning yerlari qaytarib olindi. Hokimlik o‘z xatosi uchun fermerni balogardon qildimi?» nomli maqolani e'lon qilgan edik.

Tanqidiy maqola chiqqach, Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev va xorazmlik senator Umar Sharipov ishtirokida tuzilgan komissiya fermer xo‘jaligining faoliyati bilan tanishib chiqdi.

Shundan so‘ng «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi masalasi Xalq deputatlari Hazorasp tumani Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqildi va unga yana bir imkoniyat berish, faoliyatini yil yakuniga ko‘ra baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari yig‘ishtirib olingandan so‘ng qayta ko‘rib chiqish haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo Iqtisodiy sudiga kiritilgan da'vo arizasi qaytarib olindi.

Nurmuhammad Said

Top