15:27 / 16.06.2020
25292
Uch asrlik muammo: kapitalizm va sotsializm orasida sarson Hongkong

Xitoy deganda Yer yuzidagi har bir insonning ko‘z oldiga tepasida bemalol arava harakatlana oladigan minglab kilometrlarga cho‘zilgan devor va ovqat yeydigan yog‘och cho‘p keladi. Aslida-ku Xitoyni eslatadigan narsa va voqealar ko‘p. Bugun Xitoy o‘tgan asrning 60-yillaridagi qoloq davlat emas. Bugungi kunda Xitoy dunyoning ikkinchi iqtisodiyotiga ega davlat hisoblanadi.

Foto: Reuters

Agar iqtisodchilarning taxminlari o‘zini oqlasa, Xitoy 2030 yilga borib iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha AQShni ham quvib o‘tadi va dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga ega bo‘ladi. Xitoy mamlakatdagi infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarining ayrim sohalari bo‘yicha hozirdanoq AQShni quvib o‘tgan. Ammo...

Ammo bularning barchasi Xitoyda hammasi silliq ketyapti degani emas. Mamlakatda muammolar yetarlicha. So‘nggi yillarni oladigan bo‘lsak, Chin yurti milliy ozchilikka, ayniqsa islom diniga e'tiqod qiladigan uyg‘urlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlikda ayblab kelinadi. Bundan tashqari, 2018 yilda AQSh tomonidan joriy qilingan savdo sanksiyalari ham mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir qildi.

AQSh bilan munosabatlar endi iziga tushay degan bir vaqtda Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirus dunyo bo‘ylab tarqala boshladi. Virusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan AQSh esa endi Xitoyni dunyoga koronavirus tarqatishda ayblay boshladi.

2019 yilda Xitoy uchun yana bir bosh og‘riq – Hongkong muammosi yana xuruj qildi. O‘tgan yildan buyon minglab hongkongliklar muxtoriyat ustidan Xitoy o‘z nazoratini kuchaytirishiga qarshi namoyishlarga chiqishmoqda. Hongkongda bir yildan buyon namoyishlar tinmayapti. Mart oyida karantin sabab odamlar bir muddat namoyishlarga chiqmay turishdi, ammo virus chekina boshlagach, Xitoyga qarshi namoyishlar yana avj oldi.

1997 yilda ham Hongkong Buyuk Britaniya tomonidan Xitoyga topshirilayotganda, mahalliy aholi sotsialistik tuzum ostida yashamasligini aytib, Chin yurtiga qo‘shilishga qarshi bo‘lib namoyishlarga chiqqandi. O‘shanda chorasiz qolgan Xitoy Hongkongga alohida maxsus ma'muriy hudud maqomini bergandi. Unga ko‘ra, Hongkong nafaqat ichki siyosatda, balki tashqi siyosatda ham erkin ish yuritish vakolatini qo‘lga kiritgan. Ammo so‘nggi yillarda Xitoy hukumati maxsus ma'muriy hudud rahbariyatiga tobora ko‘proq bosim o‘tkaza boshladi. Harholda hongkongliklar shunday deb bilishadi. Natijada Xitoy hukumatining bosimlariga qarshi muxtoriyat aholisi namoyishlarga chiqa boshladi.

Quyida Hongkongning Britaniya tomonidan egallanishi va oradan bir asr o‘tib Xitoyga topshirilishi tafsilotlari haqida so‘z yuritiladi.

Hongkongning Buyuk Britaniya tomonidan egallanishi

Tszyulun yarimoroli uchun jang, 1839 yil

Asrlar davomida Xitoy boshqaruvida bo‘lgan Hongkong 1840 yilda Britaniya-Xitoy urushidan so‘ng inglizlar ta'siriga o‘tgan va Hongkong Buyuk Britaniya koloniyasiga aylangan. Ammo Xitoy bunga rozi bo‘lmaydi. O‘sha paytda Xitoyda hukmronlik qilgan Sin imperiyasi vakili bo‘lgan imperator Buyuk Britaniya tomonidan taklif etilgan Hongkongning Yevropa davlati koloniyasi bo‘lishi haqidagi shartnomani imzolashdan bosh tortadi.

1842 yilga kelib Xitoy imperatori Hongkongni Buyuk Britaniya mulki deb tan olish haqidagi kelishuvga baribir imzo chekadi. Shu tariqa, Hongkong Britaniyaning to‘laqonli mulkiga aylanadi va bu hududni Birlashgan Qirollik vakili bo‘lgan gubernator boshqarishi belgilanadi. Garchi Xitoy imperatori Hongkongni Britaniyaga berishga rozi bo‘lgan esada, keyinchalik imkoniyat bo‘lishi bilan uni qaytarib olishga urina boshlaydi.

1855 yilda Hongkongga Xitoy qo‘shinlari bostirib kiradi. Gubernator ularni zo‘rg‘a quvib chiqaradi. Shundan so‘ng Hongkong yaqinidagi suv havzalarida Xitoy kemalari suzishi taqiqlab qo‘yiladi. Voqealar shu tarzda rivojlandiki, XIX asr so‘ngiga kelib Britaniya Hongkong ustidan to‘la hukmronligini hududni Xitoydan ijaraga olish shartnomasiga almashtirishga majbur bo‘ladi. 1898 yil 9 iyun kuni Pekinda Britaniya va Xitoy o‘rtasida Hongkongning (jami 376 kvadrat mil hudud) yevropalikliklar tomonidan 99 yilga ijaraga olishi haqida shartnoma imzolanadi.

Shu tariqa, Hongkong 99 yilga Buyuk Britaniya ixtiyoriga o‘tadi. 1899 yil 16-19 mart kunlarida Xitoy va Hongkong o‘rtasidagi chegaralar aniqlanib, belgilanadi. XX asrda Hongkong Britaniya tarkibida qanchalik taraqqiy etgan hududga aylanganini hammaga ma'lum. II jahon urushi tugab, Xitoyni kommunistlar egallab olganidan so‘ng o‘sha paytda Hongkongni Buyuk Britaniyadan qaytarib olish uchun turli urinishlar bo‘ladi, ammo ularning barchasi natijasiz tugaydi.

Xitoyga qaytish

Yangi qonun loyihasi Hongkongdagi liberal erkinlikni cheklashi mumkin / EPA

99 yillik ijara muddati tugashiga yaqin qolar ekan, Xitoy hukumati Hongkongni Britaniyadan qaytarib olish «ishtiyoqida yona boshlaydi». 1997 yilda 99 yillik ijara muddati tugaydi va Britaniya Hongkongni Xitoyga qaytarib beradi. Bir asr davomida erkin bozor va kapitalizm qonun-qoidalari bilan yashagan Hongkong aholisi esa buni namoyishlar bilan qarshilaydi.

Ular uzoq yillar qo‘shnichilikda yashab kommunistik Xitoyda Ikkinchi jahon urushidan keyin inson huquqlari toptalgan deb hisoblashardi. Ayniqsa Mao Tszedun hukmronligi paytida Xitoyda amalga oshirilgan ishlar hongkongliklarni juda tashvishlantirgan. Aynan o‘sha yillarda har yili ko‘plab xitoyliklar Hongkongga qochib o‘tgan. Hongkong aholisi hudud yana Xitoy boshqaruviga o‘tsa, kommunistlar tomonidan turli tazyiqlar boshlanishi mumkinligidan tashvishda edi.

Aholi norozi bo‘layotganini ko‘rib turgan Xitoy rahbariyati Hongkongga maxsus ma'muriy hudud maqomini berishga majbur bo‘ladi. Oradan biroz o‘tib 1999 yilda Makao ham Xitoy boshqaruviga qaytarildi hamda unga ham maxsus ma'muriy hudud maqomi beriladi. Maxsus hududlarga o‘z qonuniga, qonun chiqaruvchi palatalariga, ijro hokimiyatiga, Oliy sudga, alohida viza aloqalarini o‘rnatishga, milliy pul birligiga, o‘z pasportiga va yana bir qator ishlarda mustaqil qaror chiqarish huquqi berilgan edi.

Hongkongda noroziliklar boshlanishi

O‘tgan yili yuz minglab namoyishchilar ekstraditsiya haqidagi qonun kuchga kirishiga qarshi ko‘chalarga chiqishgandi. 16 iyun. Foto: Reuters

Hongkong Xitoy boshqaruviga o‘tgandan so‘ng oradan bir necha yil o‘tib rasmiy Pekin uning ichki ishlariga asta-sekin aralasha boshladi. Bu esa erkin va demokratik jamiyatda yashab kelgan hongkongliklarga yoqmaydi. Shu tariqa, ushbu maxsus ma'muriy hududda Pekin boshqaruviga qarshi bo‘lgan kayfiyat shakllana boshlaydi. Ayniqsa 2014-2015 yillarda noroziliklarning yangi to‘lqini boshlanadi. Chunki o‘shanda Xitoy Hongkongdagi saylovlarga aralasha boshlagani haqida gaplar paydo bo‘lgandi.

Hongkong Xitoyning ajralmas bo‘lagi bo‘lsa-da, odamlar demokratik tamoyillarga asoslangan saylovlar o‘tkazilishiga odatlangandi. Tabiiyki bu Pekinga yoqmaydi va Xitoy rahbariyati 2017 yildan boshlab Hongkongdagi saylov tizimini o‘zgartirish rejasini e'lon qiladi. Rejaga ko‘ra, Hongkongni boshqarish uchun o‘z nomzodini qo‘ygan shaxslar avval rasmiy Pekin tomonidan tayinlagan maxsus qo‘mita tasdig‘idan o‘tishi lozim edi. Chinakam namoyishlar ana shunday boshlandi.

Pekinning Hongkong saylovlari haqidagi rejasi «demokratiyani bo‘g‘ish», kelishilgan shartlarga amal qilmaslik deb baholanadi. Xuddi xalq kabi Hongkong hukumati ham rasmiy Pekin taklif etgan saylov tizimini rad etadi. 2017 yilgacha Hongkong rahbarini 1 194 nafar kishidan iborat maxsus komissiya saylagan. 2017 yilda o‘tkazilgan saylovdan boshlab aholi tomonidan umumiy ovoz berish natijasiga ko‘ra saylanadigan tizimga o‘tiladi.

2017 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarga doir takliflarini o‘tkaza olmagan rasmiy Pekin Hongkong hukumatiga bosimlarni yanada kuchaytiradi. Bu esa o‘z navbatida maxsus ma'muriy hudud aholisiga yoqmayapti.

Bugun nima bo‘lyapti?

Kerri Lam ekstraditsiya haqidagi qonun loyihasi qaytarib olinishi e'lon qilingan matbuot anjumanida. 27 avgust.
Foto: Reuters

Hongkongdagi norozilik namoyishlari 2014-2017 yillarda Xitoy hukumatining hudud rahbarligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarga aralashishi ortidan kelib chiqqan edi. O‘shanda Xitoy «o‘zining odami bo‘lgan» Kerri Lam Hongkong rahbari etib saylanishiga erishadi. Orada vaziyat biroz tinchidi. Ammo 2019 yil iyun oyidan boshlab Hongkongda Xitoy hukumatiga qarshi namoyishlarning yangi to‘lqini yuzaga keldi.

Bu safar namoyishlar Xitoy hukumatining ekstraditsiya haqidagi qonun loyihasini e'lon qilganidan so‘ng boshlanadi. Bu qonunga ko‘ra, Xitoyda jinoyatda gumonlangan shaxslar Hongkong hududiga o‘tadigan bo‘lsa, ularni ushlab Xitoyga topshirishi shart bo‘lar edi. Hongkong aholisi bu qonun loyihasiga qarshi chiqdi va u qabul qilinadigan bo‘lsa, Hongkong mustaqilligi uchun harakat boshlanishi ma'lum qilindi.

Rasmiy Pekin Hongkong alohida maqomda bo‘lsa-da, Xitoyning bir qismi ekanligini va shuning uchun Chin yurtida jinoyatda gumon qilinadiganlar Hongkonga qochib o‘tsa ular Xitoyga qaytarilishi lozimligini ta'kidlayapti. Hongkong fuqarolari esa bu hudud maxsus ma'muriy hudud maqomida Xitoyning ajralmas qismi hisoblansa ham, u mustaqil ish yuritish maqomiga ega ekanligi va uning ichki ishlariga Xitoyning aralashishga haqqi yo‘qligini ta'kidlashmoqda.

Hongkongdagi namoyishlarda ayniqsa OAV xodimlari, advokatlar, huquqshunoslar, biznes vakillari faol qatnashyapti. Ular rasmiy Pekinning Hongkongga nisbatan yuritayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan maxsus ma'muriy hudud rahbari Kerri Lamning iste'foga chiqishini, shu paytgacha hibsga olingan namoyishchilarning barchasi ozod qilinishini hamda ekstraditsiya haqidagi qonun loyihasi qaytarib olinishini talab qilishmoqda.

Faollar politsiya kuch qo‘llayotganidan shikoyat qilishadi Foto: Reuters

Bu orada olovga moy sepganday bo‘lib rasmiy Pekin tomonidan Hongkong aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan yana bir qaror loyihasi qabul qilindi. Bu qonun Hongkongda milliy xavfsizlik masalalarini o‘z ichiga oladi. Hongkong aholisi bu qonun qabul qilinishiga ham jiddiy e'tiroz bildiryapti. Namoyishchilarning fikriga ko‘ra, agar bu qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, unda Hongkongning maxsus ma'muriy hudud maqomiga jiddiy putur yetadi.

Qonunni Butunxitoy xalq vakillari assambleyasi (BXVA) ko‘rib chiqishi lozim edi. Yaqinda assambleya ushbu qonun loyihasini ko‘rib chiqdi va uni ma'qulladi. Rasmiy Pekin ushbu qonun loyihasida Hongkongda Xitoy hukumatiga qarshi sodir etiladigan qo‘poruvchilik va ayirmachilik harakatlarini, shuningdek, markaziy hukumatni ag‘darishga yo‘naltirilgan har qanday harakatlarni hamda terrorizm va tashqaridan aralashishni taqiqlashni ko‘zda tutgan.

Tahlilchilarning fikricha, rasmiy Pekinning Hongkong xavfsizligi haqidagi qonunni qabul qilishi har ikki tomonlama kelishuvda ifodalangan «bir mamlakat – ikki tizim» tamoyiliga zid. Ammo rasmiy Pekin hududdagi notinch vaziyat tufayli Hongkong qonunchilik palatasi milliy xavfsizlik haqidagi qonunni mustaqil qabul qilish imkoniyatiga ega emas deb hisoblagan. Shu sababli mazkur qonun loyihasi Xitoy hukumati tomonidan ishlab chiqilgan hamda uni ko‘rib chiqish uchun Xitoy xalq vakillari kengashi ixtiyoriga havola etilgan.

Bu ish Hongkongda yangi namoyishlar to‘lqinini keltirib chiqardi. Kerri Lam qonun Hongkong aholisining huquq va erkinliklariga hech qanday salbiy ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidlamoqda, ammo odamlar bunday fikrda emas.

Bugungi Hongkong

Bugun Hongkong Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Hongkong hududi bor yo‘g‘i 1 106 kilometr kvadrat bo‘lsa ham (O‘zbekistonning o‘rtacha bir tumani hududiga teng) bu yerda 7,5 milliondan ortiq aholi yashaydi. Hongkongda aholi zichligi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichda, bu yerda 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 6 732 nafar odam to‘g‘ri keladi.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, Hongkong yalpi ichki mahsulot hajmi 2019 yilda 365 milliard dollarni tashkil etgan va bu ko‘rsatkich bilan u dunyo davlatlari orasida 40-o‘rinni egallagan. YaIM hajmi jon boshiga hisoblaganda 38 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Hongkong YaIM hajmining taqsimotida qishloq xo‘jaligi bor yo‘g‘i 0,1 foizni, ishlab chiqarish 7,6 foizni, xizmat ko‘rsatish sohasi esa 92,3 foizni tashkil etadi.

Hongkong Janubi-sharqiy Osiyodagi yirik moliyaviy, iqtisodiy va madaniy markazlardan biri hisoblanadi. Masalan, 2012 yilda Hongkong erkinlik indeksi va eng rivojlangan iqtisodiy hudud nominatsiyalari bo‘yicha xalqaro reytinglarda birinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Hongkong biznes yuritish sharoitlari va istiqboli yuqori bo‘lgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Hudud raqobatbardosh sifatida har doim dunyo investorlarini o‘ziga jalb qilib kelgan.

AQSh – Hongkong munosabatlari

Hongkong AQSh uchun avvaldan muhim savdo sherigi hisoblanib kelgan. AQSh qonunlariga ko‘ra, Hongkong Xitoy tarkibiga o‘tganidan keyin ham alohida iqtisodiy birlik sifatida qolaverdi va ayni vaqtda AQSh uchun muhim savdo sherigidir. Shu tufayli AQShning Xitoyga nisbatan joriy etayotgan iqtisodiy sanksiyalari va turli bojlari Hongkong uchun amal qilmaydi. Hongkong AQShning 21-savdo hamkori hisoblanadi va har ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2018 yilda 43,8 milliard dollarni tashkil etgan.

Xitoy Hongkong uchun turli qonunlarni qabul qilishga harakat qilar ekan, o‘sha qonunlar kelajakda AQSh bilan Hongkong o‘rtasidagi savdo aloqalariga aks ta'sir qilishi mumkin. Shu tufayli AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo davlat departamentidan Xitoy tomonidan Hongkongga tegishli maxsus maqomga daxl qilmaslik kafolatini talab qilishni so‘ragan.

AQSh Vakillar palatasi Xitoyga nisbatan bir nechta qonunni ma'qullagan va ular orasida Pompeo nazarda tutgan qonun ham bor edi. Xitoy tashqi ishlar vaziri esa Pompeoning o‘sha talabini Xitoyga nisbatan shantaj va rasmiy Pekinning ichki ishlariga aralashish deb baholagan. Davlat kotibidan farqli o‘laroq, prezident Tramp Hongkong muammosiga ancha befarq qarayapti.

U rahbarlikka kelganidan buyon Xitoyni tinimsiz yomonlab keladi, ammo negadir Hongkong muammosi atrofida «Xitoyni yomonlash imkoniyatidan foydalanmagan».

Tramp faqatgina bir marta, o‘tgan yil noyabrida savdo muzokaralari vaqtida Si Tszinpinga keraksiz qarshilik ko‘rsatmaslik uchun Hongkongdagi Inson huquqlari va demokratiya to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘yishni ham taklif qilib: «Hongkongni qo‘llab-quvvatlayman, chunki men ozodlik tarafdoriman. Shuningdek, biz intilayotgan barcha narsani qo‘llayman. Biz tarixdagi eng yirik savdo bitimini imzolash arafasidamiz», degan edi.

Britaniya hongkongliklarga fuqarolik bermoqchi

Hongkongda qariyb 2,9 mln kishi britan dengizorti pasportiga ega. Foto: GETTY IMAGES

Xitoyning Hongkong ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatishga urinayotgani xalqaro hamjamiyat e'tiboridan chetda qolmayapti. Turli xalqaro tashkilotlar va yetakchi davlat rahbarlari bu muammo masalasida o‘z fikrlarini bildirmoqda. Bu masalada ayniqsa Britaniya tomoni ancha faol. O‘tgan yil yozda Hongkongda namoyishlar qayta boshlangach, Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeremi Hant Hongkongning Xitoyga berilishi to‘g‘risidagi Xitoy-Britaniya qo‘shma deklaratsiyasi va unda nazarda tutilgan Hongkongning keng muxtoriyatga ega bo‘lishi, hudud aholisi huquqlariga rioya qilinishi ham majburiyligini eslatgandi.

O‘shanda Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Gen Shuan Britaniyaga keskin javob bergandi.

«So‘nggi vaqtlarda Britaniya tomoni Hongkongning ishlariga aralashmoqda. Biz shu munosabat bilan noroziligimizni va keskin e'tirozimizni bildiramiz. Britaniyani o‘z o‘rnini unutmaslikka va Hongkongning ishlariga har qanday yo‘l bilan aralashishni to‘xtatishga chaqiramiz», degan edi u.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Hongkongga tegishli yana bir taklif bilan chiqdi. U agar Xitoyda Hongkongning Pekinga qaramligini kuchaytiruvchi yangi qonun qabul qilinsa, uch millionga yaqin hongkonglikka Buyuk Britaniyada yashash va ishlash imkoniyatini berishni va'da qildi. Rasmiy Pekin esa uning bu bayonotini Xitoyning ichki ishlariga aralashish deb baholadi.

Xulosa

Ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llangan hududdagi namoyishchilar. 12 noyabr. Foto: Reuters

Xitoy va uning tarkibida maxsus ma'muriy hudud maqomida bo‘lgan Hongkong o‘rtasidagi muammolar shuni ko‘rsatmoqdaki, kapitalistik va sotsialistik dunyo hargiz murosa qila olmaydi. Xitoy Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSRning «beg‘araz yordami» bilan sotsialistik boshqaruvga o‘tgan edi. Bugun bu mamlakatda xususiy mulkka ega bo‘lish va kapital jamg‘arish kabi garchi sotsialistik tizim uchun yot bo‘lgan ishlarga ruxsat berilgan bo‘lsa ham, uning boshqaruvida sotsialistik tizim unsurlari saqlanib qolgan. Hongkong aholisi esa azaldan ko‘p qatori erkin bozor munosabatlari va ozod jamiyatga asoslangan kapitalizmda yashab kelgan.

1997 yil Britaniya Hongkongni Xitoyga topshirar ekan, bu hudud aholisi o‘shandayoq sotsialistik Xitoy boshqaruvi ostida yashashni istmasligini aytib namoyishlarga chiqqandi. O‘shanda Xitoy tomoni Hongkongga maxsus ma'muriy hudud maqomini berish va uning ichki ishlariga va xalqaro aloqalariga aralashmaslik haqida bitim imzolagan. Bugun ko‘pchilikning fikricha, Xitoy o‘sha kelishuvni buzishga urinyapti va bora-bora Hongkongga berilgan barcha vakolatlar hamda imtiyozlarni qaytarib olishga, uni markazga bo‘ysunuvchi hududga aylantirishga urinmoqda.

Hongkong aholisi esa Pekindan o‘zlarini tinch qo‘yishni talab qilib ko‘chalarga chiqishayapti. Bugun Xitoy va Hongkong o‘rtasidagi mojarolarni quyidagi gaplar bilan ifodalash mumkin: ozod va demokratik jamiyatda yashab kelgan hongkongliklar Xitoydagi sotsialistik tuzumga toqat qila olishmayapti. Ozod va erkin jamiyatga toqatsiz bo‘lgan sotsialistik tuzum esa hongkongliklarning hur va erkin yashashlariga toqat qila olmayapti.

Darvoqe...

Ushbu maqola qoralanayotganida Xitoy Hongkong munosabatlariga doir yana bir xabar tarqaldi. Unga ko‘ra, Hongkongda Xitoy madhiyasiga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilingan. Rasmiy Pekin Hongkongdagi boshqaruvni o‘z ta'sir doirasiga olib bo‘lganini inobatga olsak, bu xabarga ajablanmasa ham bo‘ladi...

G‘ayrat Yo‘ldosh

Top