17:53 / 16.06.2020
5844

Xorijda qolgan abituriyentlarning imtihonlardagi ishtiroki masalasida izoh berildi

«Hozirda xorijda bo‘lib turgan, 2020/21 o‘quv yili uchun hujjat topshirgan abituriyentlarning kirish imtihonida ishtirok eta olishi so‘roq ostida. Ular imtihongacha O‘zbekistonga qaytib kela olmasligi, qaytib kelganda ham karantinga olinishi mumkin. Mazkur masala qanday hal qilinadi?»

Ushbu savolga Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev javob berdi.

«Abituriyent O‘zbekistonga kelgandan keyin karantin zonasiga olinadigan bo‘lsa, imtihonda qatnashish imkoniyati chegaralanadi. Bu masalani qanday hal qilishni o‘ylab ko‘ramiz. Navbatdagi uchrashuvlarda bu bo‘yicha ma'lumot beriladi.

Balki xorijda bo‘lib turgan, oliy ta'lim muassasasiga kirmoqchi bo‘lgan kontingentdagilarning hammasini yig‘gan holda ularga imtihonga qatnashish uchun alohida imkoniyat qilib berarmiz. Chunki karantin zonasidan turib imtihonda qatnasha olmaydi», – dedi Musayev 15 iyun kungi brifingda.

Ma'lumot uchun, bu yil kirish imtihonlari 1 avgustdan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Abituriyentlardan hujjatlar 20 iyundan 20 iyulgacha (20 iyul kuni ham) qabul qilinadi.

Hujjatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va Davlat test markazining rasmiy sayti (www.dtm.uz) orqali topshirish mumkin.

15 iyundan boshlab epidemiologik vaziyat barqaror davlatlar bilan aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat berildi. Bunda xalqaro aviareyslar «yashil», «sariq» va «qizil» toifaga ajratilmoqda. «Yashil» reyslarda kelganlar karantinga olinmaydi, «sariq» reyslar yo‘lovchilari 14 kunlik uy karantiniga olinadi, «qizil» reysdagilar esa karantin markaziga yuboriladi.

Avvalroq Kun.uz xorijda qolgan abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi ishtirokini ta'minlash masalasida maqola e'lon qilgan, unda mazkur masala yuzasidan tashkiliy choralar yo‘qligi bayon qilingan edi.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top