20:20 / 17.06.2020
35241
6ta davlat bu yil fuqarolarini Hajga yubormaslikka qaror qildi

450 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketgan pandemiya fonida, Saudiya Arabistoni zamonaviy tarixda ilk marta Haj ziyoratini qoldirishi mumkin.

Fuqarolarini bu yilgi Haj mavsumiga yubormasligini e'lon qilgan mamlakatlar soni 6tani tashkil etmoqda, deb yozadi Dhaka Tribune.

Dunyoda eng ko‘p musulmonlar yashovchi Indoneziyadan tashqari, Malayziya, Singapur, Tailand, Kambodja va Bruney ham bu yilgi ziyorat dasturini qoldirishga qaror qildi.

Bu yil Indoneziya uchun 220 mingta, Malayziya uchun 36 mingta, Bruney uchun mingta kvota ajratilgan edi.

Dkaha Tribune manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni rasmiylari bu yilgi Haj mavsumini bekor qilish yoki uni ramziy tarzda o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Financial Times ham xabar bergan.

«Masala diqqat bilan o‘rganilmoqda, turli ssenariylar ko‘rib chiqilyapti. Rasmiy qaror bir hafta ichida qabul qilinadi», – deya Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi amaldorining so‘zlari keltirilgan FT`ning 12 iyundagi xabarida.

Manbaga ko‘ra, takliflardan biri – Haj mavsumini faqatgina mahalliy aholi vakillari ishtirokida, kuchli sanitariya qoidalariga rioya etgan holda tashkil etishni nazarda tutadi. Yoki mavsum butunlay bekor qilinishi varianti ham yo‘q emas.

«Barcha variantlar muhokama qilinmoqda, ammo ustuvor maqsad – hojilarning sog‘ligi va xavfsizligini ta'minlashdan iborat», – degan manba.

AFP`ning qayd etishicha, musulmon olami davlatlari Ar-Riyodni o‘z rasmiy qarorini tezroq e'lon qilishga chaqirmoqda.

«Qaror tez orada qabul qilinib, e'lon qilinadi», – deya Saudiya hukumatidagi manbaning so‘zlari keltirilgan agentlikning 16 iyundagi xabarida.

Turkiya, Misr, Marokash, Livan kabi mamlakatlar podshohlik qarorini kutayotganini bildirgan bo‘lsa, Fransiya musulmon fuqarolariga haj ziyoratini keyingi qoldirish tavsiyasi bilan chiqqan.

«Podshohlik vaqtdan yutishga harakat qilyapti. Agar Saudiya so‘nggi kunlardagina: «Biz hajni to‘laqonli tashkil etishga tayyormiz», deb aytsa ham, u vaqtga borib ko‘plab mamlakatlar o‘z fuqarolarini yubormaslik qarorini qabul qilib bo‘lgan bo‘ladi», – deydi AFP`ning hajga aloqador saudiyalik rasmiylar bilan muloqotda bo‘lib turuvchi janubiy osiyolik manbasi.

Ma'lumot uchun, 2019 yilda 2,5 millionga yaqin musulmon haj ibodatini ado etgan. Bu yil Haj mavsumi 28 iyuldan 2 avgustgacha davom etishi kutilayotgan edi.

Kuni kecha Saudiya Arabistonida koronavirus qurbonlari soni mingdan oshdi. Virus yuqtirib olganlar soni 140dan ortgan, ulardan 91 mingdan ziyodi sog‘ayib chiqqan.

Haj mavsumi qoldiriladigan bo‘lsa, bu – 1932 yilda asos solingan podshohlik tarixidagi birinchi ana shunday holat bo‘ladi.

CNBC ma'lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bu yilgi Haj mavsumidan 12 milliard dollar daromad ko‘rishni rejalashtirgan edi. Agar mavsum bekor qilinadigan bo‘lsa, bu – pandemiya keltirib chiqargan inqiroz, shuningdek neft narxi qulashi ortidan podshohlik iqtisodiyotiga navbatdagi sezilarli zarba bo‘lishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top