08:44 / 17.06.2020
7109
Bo‘stonliqda pichoq va beysbol bitasini ishlatgan holda bezorilik qilgan shaxslar qamoqqa olindi

Holat yuzasidan Bo‘stonliq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2020 yil 9 iyun kuni soat 15:30da 28 yoshli F.T. tanishi, 24 yoshli G‘.N. bilan bir guruh bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, 24 yoshli X.E.ni jamoat joyi hisoblanuvchi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan «Alash ota» nomli to‘yxona yoniga chaqirib, uni uyatli so‘zlar bilan so‘kib-haqoratlagan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, so‘ng u kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan yonidagi pichoqni qurol sifatida namoyish qilib, qo‘rqitib, G‘.N. mazkur pichoq bilan X.E.ga tan jarohati yetkazgan. O‘z navbatida, shu vaqtda F.T. o‘zining jinoiy harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglagan holda, metalldan ishlangan beysbol bitasi bilan 24 yoshli X.E.ning boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashinaning orqa chap tomon yoritgich chirog‘ini urib sindirib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

Natijada X.E. olgan tan jarohatlari bilan Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, F.T.dan bir dona metalldan ishlangan beysbol bitasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sud-tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, X.E.ga “yengil” tan jarohatlari yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Bo‘stonliq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, G‘.N.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b,v» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan, sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab sodir etilgan bezorilik) bilan, F.T.ga esa JKning 277-moddasi 3-qismi «a» bandi  (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan ayb e'lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top