16:25 / 17.06.2020
2521
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ilk bor Zoom platformasida matbuot anjumanini o‘tkazdi

Ushbu matbuot anjumanida mamlakatimiz va xorijdan 25 ga yaqin jurnalist, blogerlar ishtirok etdi. Muloqot doirasida xususiylashtirish, davlat korxonalari samaradorligini oshirish hamda E-IJRO AUKSION elektron savdo maydonchasida yaratilgan qulayliklar bo‘yicha taqdimotlar qilindi.

Qayd etilganidek, Agentlik tashkil etilgandan buyon o‘tgan davr mobaynida davlatga tegishli bo‘lgan 1187 ta aktiv realizatsiya qilindi. Joriy yilda 15 iyun holatiga 359 ta davlat aktivi (55 ta aksiya va ulushlar, 304 ta ko‘chmas mulk obekti) 391,2 mlrd so‘mga, 3164,7 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 5102 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish sharti bilan sotildi.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 389 ta davlat aktivlari (115 ta jamiyat aksiya (ulush)lari va 274 ta ko‘chmas mulk obektlari) 3,0 trln so‘m boshlang‘ich qiymatida 151,2 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 1,7 ming ish o‘rni yaratish sharti bilan ommaviy savdolarda turibdi.

2020 yilning yanvar-may oylarida xususiylashtirish hisobidan davlat budjetiga 113,1 mlrd so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda davlat budjeti daromadlariga 128,7 mlrd so‘m yo‘naltirildi (2019 yil davomida xususiylashtirish hisobidan – 160 mlrd so‘m o‘tkazilgan; rejaga nisbatan 113,8% yoki 15,6 mlrd so‘mga ko‘p) 2019 yil mos davriga nisbatan o‘sish tempi 4,8 barobar. Eng muhimi, barcha faoliyat ochiqlik va shaffoflik asosida olib borilyapti.

Zarar ko‘rib ishlayotgan 84 ta korxonadan 46 tasi xususiy sektorga sotilib, 18 tasi sog‘lomlashtirildi va 6,3 mlrd so‘m sof foydaga erishildi. Davlat budjetiga jami 1,4 trln so‘m (15,5 barobar ko‘p) mablag‘ tushirildi.

Jumladan xususiylashtirishdan – 113,1 mlrd so‘m (14,9 barobar ko‘p); davlat ishtirokidagi korxonalar to‘langan dividendlardan – 1,3 trln so‘m (25,6 barobar ko‘p); davlat mulklarini ijaraga berishdan esa – 6,6 mlrd so‘m.

Davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish maqsadida O‘zbekneftgaz, O‘zbekenergo, O‘zsuvqurilish, O‘zsuvta'minot, O‘zmilliybank, Humo Air aviakompaniyasi, shu jumladan tarkibidagi 95 ta tizim korxonalarining restrukturizatsiyasi to‘liq yakunlandi.

Bugungi kunda “O‘zpaxtasanoat”, “O‘zdonmahsulot”, “Navoiy KMK”, “O‘zagroservis”, geologiya-qidiruv, yo‘l qurilish, nashriyot-matbaa korxonalari va futbol klublari), shu jumladan tarkibidagi 1184 ta tizim korxonalari restrukturizatsiyasi amalga oshirilmoqda. Tarmoq korxonalari “Yangi Angren IES” AJ, “Angren IES” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ – “Central Asia Energy” MChJga; “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ – “Jizzakh Petroleum” MChJ QKga; “Toshkent hayvonot bog‘i” MChJ – “Wildlife Care” MChJga hamda “Ammofos-Maksam” AJ – “Olmaliq TMK” AJga) Hukumatning tegishli qarorlariga asosan ishonchli boshqaruvga berildi.

Muloqotda agentlik faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan 20 ga yaqin hujjat loyihalari xususida qayd etilib, shu kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yangi qaror haqida ham ma'lumot berildi.

Agentlik o‘zining kelgusi rejalari haqida to‘xtalar ekan, endilikda shu formatdagi matbuot anjumani, brifing va turli muloqotlarni har oyning 3-dushanba kuni o‘tkazishga kelishib olindi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati

Top