15:15 / 17.06.2020
47995
«Malika» bozoridagi sotuvchida virus aniqlangan. SSV yangi holatlar haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi

O‘zbekistonda 16 iyun kuni aholi orasida 20ta yangi zararlanish holat qayd etildi. Ma'lum qilinishicha, kun davomida Toshkent, Buxoro, Samarqand va Namanganda tikuvchi, sotuvchi, haydovchi va farroshlarda virus aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 16 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Davlatimiz rahbari 16 iyun kungi videoselektor yig‘ilishida yurtimizda koronavirusga chalinganlar soni so‘nggi ikki haftada keskin oshgani haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Jumladan, shu davrda birgina Toshkent shahrida aniqlangan 551 nafar holatdan 482 nafari aholi orasidan aniqlangani, shundan 57ta holatda yuqish manbai noma'lum bo‘lib qolayotgani kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Avval xabar qilganimizdek, 15 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 183 nafar bemorning 29 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 16 iyun kuni esa koronavirus qayd etilgan 230 nafar bemordan 20 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi ancha oshgan, aholi orasida koronavirusga chalinish holati esa birmuncha kamaygan», deyiladi vazirlik xabarida.

16 iyun kuni Toshkentda aholi orasida 14ta yangi holat tasdiqlandi, shuningdek, Buxoro viloyatida 3, Samarqand viloyatida 2, Namangan viloyatida 1 holat qayd etilgan.

Jumladan, Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi oilaning 3 nafar a'zosida (dam olish hududiga hordiq chiqarish uchun oilaviy borishgan, bir kun o‘tib, tana harorati ko‘tarilgach, tahlil topshirishgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: Uchtepa tumanidagi tikuvchilik sexi ishchisida, ishga joylashish uchun namuna toshirgan shaxsda hamda tana harorati ko‘tarilgani sababli poliklinikaga murojaat qilgan fuqaroda kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, «Malika» savdo majmuasi sotuvchisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi homilador ayolda (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), Sergeli tumanida yashovchi vaqtincha ishsiz fuqaro (tana harorati ko‘tarilgach, uy sharoitida shifokorga murojaat qilmasdan davolangan) va uning 4 nafar oila a'zosida, respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanish uchun namuna topshirgan fuqaroda infeksiya aniqlangan.

Shuningdek, Samarqand tumanida yashovchi nafaqadagi bemorda (onkologiya kasalligi sababli shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), Samarqand shahridagi 24-maktab farroshi (ko‘krak bezi kasalligi bo‘yicha namuna topshirgan), Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi haydovchida ham kasallik tasdiqlangan.

«Mazkur holatda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, takror bo‘lsa-da, aholini har qadamda hushyor va ogoh bo‘lishlarini, karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘raydi. Koronavirus infeksiyasi kutilmagan salbiy asoratlarga olib kelishi, unga qarshi asosiy qalqonimiz, aynan, sanitariya va karantin qoidalariga so‘zsiz amal qilish ekanini aslo unutmasligimiz kerak», deyiladi vazirlik xabarida. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top