16:00 / 17.06.2020
3299
«Mehnat inspektorlari teskari ishlayapti» – Tanzila Norboyeva majburiy mehnat holatlari haqida gapirdi

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda kuzatilayotgan majburiy mehnat holatlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi majlisida qayd etilishicha, 2019 yilda paxta yig‘im-terimi davrida o‘tkazilgan monitoringda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xizmatchilari va harbiy ta'lim kursantlarining majburiy tarzda terimga jalb etilgani ma'lum bo‘lgan. Kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘tkazgan milliy monitoringda 3895 nafar shaxs paxta terimiga majburiy tarzda jalb qilingani aniqlangan – shulardan 700 nafarini harbiylar tashkil qilmoqda.

«Shuningdek, mahalliy ijro hokimiyat organlari tomonidan odamlarni obodonlashtirish ishlariga majburiy tarzda jalb qilish hollari uchramoqda. 2019 yilda majburiy mehnat bo‘yicha 259ta holat qayd etilgan bo‘lsa, ularning 112tasi, ya'ni 43 foizi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilish bilan bog‘liq. Eng ko‘p holatlar Samarqand (16ta), Qashqadaryo (12ta), Buxoro (10ta) viloyatlarida qayd etilgan.

Joriy yilning o‘tgan 5 oyida ham obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilish bo‘yicha 28ta holat aniqlangan bo‘lib, ularning aksariyati Toshkent, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilmoqda.

Bu kabi holatlar haqida xabarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham ko‘p chiqadi. Mehnat inspektorlari ijtimoiy tarmoqlar bong urgandan keyingina xabar topib, tegishli o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Ular teskari ishlayapti. Mehnat inspektorlari avvalambor bunday hollarga yo‘l qo‘ymasligi, bo‘lgandan keyin ham ijtimoiy tarmoqlar beran xabarlarning orqasidan quvmasdan, oldindan o‘zlari topishlari kerak», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top