08:28 / 17.06.2020
6587
Pxenyan Janubiy Koreya bilan chegaraga qo‘shinlar tashlashini ma'lum qildi  

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi Kimgansan turistik zonasi va Keson sanoat majmuasiga qo‘shinlar tashlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Koreya xalq armiyasi bosh shtabi vakili xabar qildi.

Uning ta'kidlashicha, ushbu hududda polk darajasidagi harbiy qismlar va boshqa zaruriy o‘t ochish bo‘linmalari joylashtiriladi. Ularning jangovar vazifasi chegaraoldi hududini qo‘riqlash bo‘ladi.

“Choson sinbo” nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Janubiy Koreya bilan chegarada barcha turdagi harbiy mashg‘ulotlarni qayta yo‘lga qo‘ymoqchi. Avval fuqarolik muhofazasining ortga chaqirtirilgan postlari yana qurolsizlashtirilgan hududga qaytariladi. 

Bir hafta avval Pxenyan Seul bilan barcha aloqalar uzilishini ma'lum qilgandi. 16 iyunda Shimoliy Koreya “chegarani qo‘rg‘onga aylantirish va Janubga nisbatan harbiy ogohlikni kuchaytirish” maqsadida qurozsizlantirilgan hududda qo‘shin joylashtirishi mumkinligini ma'lum qilgan. 

Shundan keyin shimoliy koreyalik harbiylar Janubiy Koreya bilan muzokaralar uchun qo‘llangan aloqa uzelini portlatib yuborgan. 

Mutaxassislarning fikricha, Koreya yarimorolida vaziyatning keskinlashishi Pxenyanning Seul bilan iqtisodiy munosabatlar yaxshilanishiga umidi oqlanmagani sababli yuz bermoqda. Janubiy Koreya esa xalqaro sanksiyalar, jumladan AQSh tomonidan bosim xavfi sababli Shimol bilan hamkorlik qilishga jazm qila olmayapti.  

Top