13:53 / 18.06.2020
1675
2019 yilda mehnat migrantlarining qariyb 530 ming dollarlik ish haqi undirib berilgan

2019 yilda 3 ming 938 nafar fuqaro chet elda ish bilan ta'minlangan. Shuningdek, ish haqini vaqtida ololmagan mehnat migrantlarining 530 ming AQSh dollariga yaqin ish haqlari undirib berilgan. Bu haqda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ma'lum qildi.

Videokonferensaloqa rejimida bo‘lib o‘tgan majlisda komissiya a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senati hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda komissiyaning 2019 yildagi faoliyati va kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, milliy ma'ruzachi tomonidan tayyorlangan odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotda qayd etilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasi ko‘rib chiqildi.

«Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish, ularni reabilitatsiya qilish hamda xorijda fuqarolarimiz manfaatini himoya qilish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, 2019 yilda 220 nafar odam savdosi jabrdiydalariga Respublika reabilitatsiya markazida tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilib, ularning 113 nafari ishga joylashtirilgan. 3 ming 938 nafar fuqaro chet elda ish bilan ta'minlanib, ish haqini vaqtida ololmagan mehnat migrantlarining 530 ming AQSh dollariga yaqin ish haqlari undirib berilgan.

Bundan tashqari, XMT bilan hamkorlikda 2019 yilda paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan uchinchi tomon monitoringi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan milliy monitoring o‘tkazildi. Uning natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda paxtachilikda tizimli ravishda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga barham berilgan», deyiladi Senat axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.

Majlisda bu borada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar ham mavjudligi qayd etib o‘tilgan. Xususan, bugungi kunda ayrim mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar hamda ularning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan xodimlarni o‘z funksional vazifalariga kirmaydigan mehnat turlariga majburiy jalb qilish holatlari uchrayotgani tanqid qilingan.

Tadbirda quyi bo‘g‘inda ishlar samaradorligi sustligi, birgina o‘ylanmagan harakat oqibatida odamlarga zarar yetayotgani, bu esa davlat imijiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlangan.

Majlis davomida kichik komissiyalar va hududiy komissiyalarning hisobotlari ham eshitilib, muhokamalardan so‘ng tegishli yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Top