08:48 / 18.06.2020
10516
Bolton Tramp qayta saylanish uchun Si Tszinpindan yordam so‘raganini ma'lum qildi  

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Tszinpin bilan muzokaralar davomida qayta saylanish uchun xitoylik hamkasbidan AQSh mahsuloti importini oshirish bilan bog‘liq yordam so‘ragan. Bu haqda Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton o‘z kitobida ma'lum qilgan.

The Hill nashrining xabar berishicha, bunday ma'lumot Boltoning hali sotuvga chiqmagan, biroq jurnalistlar qo‘liga tushgan kitobida keltirilgan.

Boltonning versiyasiga ko‘ra, G20’ning 2019 yil iyundagi sammitida Si Tszinpin Trampga AQShda Xitoyga dushmanona munosabatda bo‘lgan siyosatchilar borligini aytgan.

“Men Si Tszinpin bunda demokratlarni yoki muzokaralarda qatnashganlardan birortamizni nazarda tutganini bilmayman, biroq Tramp darhol gap demokratlar haqida ketayotganini taxmin qilgan”, deb aytgan Bolton o‘z kitobida.

“Tramp demokratlar haqiqatan ham Xitoy dushmanona munosabatda ekanligini aytgan. So‘ngra Tramp kutilmaganda suhbatni AQShdga prezident saylovlariga burib yuborgan. U bu o‘rinda Xitoyning katta iqtisodiy imkoniyatlari haqida eslab o‘tgan va Si Tszinpinni unga g‘alabani ta'minlashga chaqirgan”, deyilgan kitobda.

Boltonning ta'kidlashicha, AQSh prezidenti amerikalik fermerlar uchun ular yetishtiradigan soya dukkaklarining Xitoy tomonidan importi oshirilishi qanchalik muhimligini ta'kidlab o‘tgan.

Boltonning yozishicha, u o‘sha suhbatdan aniq sitatalarni keltirishi mumkin, biroq qonun bo‘yicha Oq uyning sobiq xodimlari kitobiga tuzatishlar kiritishga haqqi bo‘lgan AQSh hukumati unga buni qilishni taqiqlagan.

The Hill’ning ta'kidlashicha, natijada AQSh va Xitoy savdo kelishuvining birinchi bosqichini imzolagan. U, jumladan, Xitoy tomonidan AQShning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridi hajmi oshirilishini ko‘zda tutgan.

Oq uyda Boltonning kitobida yolg‘on ko‘pligi bir necha marta ta'kidlab o‘tilgan. Bundan tashqari, kitobda mahfiy ma'lumotlar keltirilgan va shu sababli Oq uy ma'muriyati sobiq maslahatchi bilan sudlashmoqchiligini bildirgan.

Tramp Boltonni 2019 yil sentyabrda o‘z lavozimidan bo‘shatib yuborgan. Bunga bir qator siyosiy masalalar bo‘yicha sobiq maslahatchining Tramp va Oq uy ma'muriyatining boshqa a'zolari bilan ziddiyatga borishi sabab bo‘lgan.

Top