15:20 / 18.06.2020
13033

Lukashenkoning prezidentlik saylovidagi raqibi g‘oyib bo‘lgani xabar qilindi

Avvalroq tadbirkor Natalya Kisel Belarus prezidenti saylovidan nomzodini olib tashlashga qaror qilgandi.

Viktor Babariko / Foto: TASS

Aleksandr Lukashenkoning prezidentlik saylovidagi raqibi Viktor Babariko ertalabdan beri aloqaga chiqmayapti, deb xabar qildi uning shtabi.

Babariko saylovoldi shtabiga boshchilik qilayotgan o‘g‘li Eduard bilan to‘plangan imzolarning navbatdagi qismini topshirgani ketgan. Shundan keyin ular aloqaga chiqmagan.

Shtabning ma'lum qilishicha, Babariko 425 mingta imzo to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Avvalroq uning saylov jamg‘armasi hisob raqami yopib qo‘yilgani ma'lum bo‘lgandi.

Belarus teleyangiliklar agentligining Telegram-kanali Babariko va o‘g‘li davlat nazorati qo‘mitasining moliyaviy surishtiruv departamentiga olib ketilgani to‘g‘risida xabar qilgan.

Babariko ilgari Belgazprombankni boshqargan. U lavozimini tark etib, prezidentlik saylovida ishtirok etishini e'lon qilganidan so‘ng oradan bir oy o‘tgach, bankda tintuvlar o‘tkazildi va bir nechta hisbga olishlar amalga oshirildi.

Avvalroq muxolifatchi bloger Sergey Tixanovskiyning rafiqasi Svetlana Belarus prezidentligiga nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berishdan voz kechishga tayyorligini aytgandi.

Undan tashqari, tadbirkor Natalya Kisel Belarus prezidenti saylovidan nomzodini olib tashlashga qaror qilgandi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top