22:08 / 18.06.2020
1972
Oxirgi uch yilda olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalarning sovrindorlarigagina o‘qishga kirish uchun imtiyoz berilishi ma'lum qilindi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Eshmamatovning aytishicha, oxirgi 3 yilda olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va ParaOsiyo o‘yinlari, jahon, qit'a va respublika chempionatlarida 1-3 o‘rinlarni egallagan sportchi-o‘quvchilar tibbiyot yo‘nalishidan tashqari istalgan oliy ta'lim muassasasiga imtiyozli o‘qishga qabul qilinishadi.

Foto: Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi

«Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5924-sonli Farmoniga muvofiq olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va ParaOsiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor bo‘lgan, ya'ni 1-3 o‘rinlarni egallagan sportchi-o‘quvchilar tibbiyot yo‘nalishidan tashqari istalgan oliy ta'lim muassasasiga imtiyozli o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

Kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati sovrindorlariga nima uchun imtiyoz berilmayotgani bo‘yicha vazirligimizga ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Kurash sport turi garchi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan bo‘lsa-da, hali Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirmagan. Kurashdan tashqari u-shu, penchak-silat, muay-tay va yana bir qator sport turlari ham Osiyo o‘yinlari dasturidan joy olgan, biroq ular ham Olimpiya o‘yinlari dasturida yo‘q. Ota-onalar va yurtdoshlarimizga ma'lum qilamizki, prezident farmoniga muvofiq imtiyoz faqatgina Olimpiya va Paralimpiya dasturidan o‘rin olgan sport turlariga berilgan», deya Otabek Eshmamatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

 

Top