03:15 / 18.06.2020
7241
Sirdaryolik o‘g‘il-qizlar “Istiqlol”da

Dunyoga mashhur Alp tog‘laridan-da betakror, tabiati go‘zal, iqlimi mo‘'tadil, bahavo Zomin tog‘lari bag‘rida joylashgan "Istiqlol"  bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ayni paytda “Sardoba” suv ombori halokati natijasida jabrlangan oilalarning farzandlari dam olishmoqda.

Hukumatimiz tomonidan Sardoba suv ombori halokati jabrlanuvchilariga har tomonlama yordam berishga doir tashabbus “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, ushbu tashabbus doirasida Jizzax viloyatining Zomin tumanida joylashgan “Istiqlol” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ham sirdaryolik bolajonlarning yozgi ta'til mavsumida maroqli dam olishlari uchun hozirlandi. 2020 yil 12 iyun kuni ushbu oromgoh 160 nafar bolajonni qabul qilib oldi. Axborot xizmatining ijodiy guruhi 15 iyun kuni mazkur oromgohga tashrif buyurib, bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

-2020 yil 12 iyun kuni 160 nafar 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan Sirdaryolik bolalarni qabul qilib oldik, - deydi oromgoh boshlig‘i Dilorom Usanova. - Bolajonlar – “Elparvar”, “Mard o‘g‘lon”, “O‘zbegim qizlari”, “Zulfiya izdoshlari”, “Yoshlik”, “Istiqlol”, “Yulduzcha” hamda “Kichkintoy” kabi otryadlarga bo‘lingan holda dam olishmoqda. Bu yil oromgohimiz “Vatanga muhabbat, istiqlolga sadoqat, milliy merosga hurmat” shiori ostida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Hozirgi pandemiya vaqtida oromgohda qat'iy karantin qoidalariga rioya etilgan holda bolajonlar uchun 13 nafar malakali pedagoglar jamoasi, 2 nafar shifokor va 3 nafar hamshiralar, 8 nafar yetakchilar hamda qo‘riqlash tashkiloti xodimlari xizmat qilib kelishmoqda.

Bolajonlarning oromgohda mazmunli va maroqli hordiq olishlari uchun “Mohir qo‘llar”, “Yosh tabiatshunos”, “Ingliz tili”, “Ma'naviyat va ma'rifat darslari”, “Biser to‘qish”, “Rasm chizish”, “Yosh suxandon” kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Har bir to‘garakka masofa saqlagan holda 5 nafardan bola navbatma-navbat qatnashadi. Bundan tashqari, o‘zida 1300 dona badiiy adabiyotlarni jamlagan kutubxonamiz ham har kuni soat 9.00dan 18.00gacha kutubxonachimiz Mahbuba Hasanova boshchiligida bolajonlar xizmatida. “Yosh suxandon” to‘garagi a'zolari tomonidan har kuni radio orqali oromgoh yangiliklari, vatanparvarlik ruhidagi suhbatlar olib borilib, she'rlar o‘qiladi.

Shuningdek, bolajonlarni sog‘lomlashtirish maqsadida stol tennnisi, futbol, basketbol, voleybol, shashka, shaxmat, badminton kabi sport to‘garaklari ham o‘z faoliyatini olib borishmoqda.

Oromgohda bolajonlar kun tartibi bo‘yicha soat 7.00da uyqudan turishadi va badantarbiya mashqlaridan so‘ng nonushta qilinadi. Bosh oshpaz Karina Filimonova boshchiligidagi qo‘li shirin oshpazlar Mavjuda Ahmedova, Nasiba Boyzoqovalar tomonidan tayyorlanayotgan mazali taomlar bolajonlarga manzur bo‘lmoqda. Soat 13.00da tushlik, 16.00da alvon choy, 18.00da kechki ovqat, 21.30da ikkinchi kechki ovqat berilmoqda. Go‘sht va sut mahsulotlari har kuni yangi keltiriladi. Oshxonada tayyorlanayotgan taomlarning sifati har doim diyet hamshira Mahfuza Xidirovaning diqqat-eʼtiborida. Bolajonlarning taklifiga ko‘ra ham milliy ovqatlar tayyorlanmoqda.

Bolajonlarning sog‘ligi har doim vrach pediatr Fotima Isayeva va hamshiralar Gulbahor Ernazarova, Sharofat Anorboyevalarning nazoratida. 

Sanitar qoidalar va me'yorlar asosida tashkil etilgan, birlamchi bolalarni qabul qilish kuni oromgohning dezinfeksion yo‘laklari orqali bolajonlar kirgizilib, tana haroratlari o‘lchandi. Bolalar asosiy himoya vositalari bo‘lgan tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan ta'minlandi, -deydi Sanitar epidemolog Feruza O‘rozboyeva. Barcha otryadlarga antiseptik vositalar berilib, ulardan foydalanish jihozlari o‘rnatildi. Oromgohning barcha bino va hududlarini profilaktik dezinfeksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Xususan, oshxona kuniga 3 marotaba, bolajonlar yotoqxonalari bolajonlar bo‘lmagan vaqtda kuniga 2 marotaba, hojatxonalar, yuvinish xonalar kuniga 3 marotabadan dezinfeksiya qilinmoqda. Shuningdek, foydalanib bo‘lingan tibbiy niqob va qo‘lqoplarning utilizatsiyasi ham amalga oshirilmoqda.

Oromgohga tashrif buyurgan kunimiz bolajonlar uchun “Xazinani top” o‘yini tashkil etilgan ekan. O‘yin davomida o‘g‘il-qizlar 15ta nuqtaga yashirilgan kalit so‘zlarni, izlab topib, nuqtada shirinliklardan iborat xazinaga duch kelishadi. Bolajonlar uchun bu kabi quvnoq o‘yinlar, boshqotirmalar muntazam tashkil etib kelinadi. Ular bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning beg‘ubor boqishlaridan minnatdorlik hissini angladik.

-Men singlim Dilafro‘z bilan oromgohga dam olishga keldim,-deydi Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 3-sinf o‘quvchisi Ruxshona Abdullayeva. - Menga oromgohda yaratilgan barcha sharoitlar yoqdi. Ayniqsa, turli xil to‘garaklar, tashkil etilayotgan sarguzashtli o‘yinlar, oshpaz opalarimiz tayyorlayotgan mazali ovqatlar, barchasi zo‘r. 

Oromgoh direktori O‘rozboq Ubaydullayevning ma'lumotiga ko‘ra, 1976 yili butun dunyo geograflarining xalqaro anjumani bo‘lib o‘tadi. Anjumanda 80ga yaqin davlatlarning yetakchi olimlari ishtirok etadi. O‘shanda yevropalik olimlar Zomin tog‘lariga ham tashrif buyurishadi. Tog‘ning havosi, iqlimi, go‘zal tabiati ularni lol qoldirib, hatto ular Zominning Alp tog‘laridan go‘zalligini e'tirof etishgan holda, Zominni O‘zbekiston Shveytsariyasi ekan deya e'tirof etishadi.. 

-Zomin tog‘laridagi ba'zi archalar boshqa joylarda uchramaydi, -deydi biz bilan suhbatda O‘.Ubaydullayev. – Shuningdek, bu yerda eyfedra degan shifobaxsh o‘simlik ham o‘sadi. Undan nafas yo‘llari kasalligiga davo bo‘luvchi eyfedrin dorisi tayyorlangan. Hududimizga ko‘proq astma kasalligi bilan og‘rigan bemorlar kelishadi. Zominning faunasi va florasi ham juda boy. 250ga yaqin dorivor o‘simliklar o‘sadi. Nima uchun archa bor joyda namlik yaxshi bo‘ladi? Kun qancha isisa archa o‘zidan shuncha namlik chiqaradi. Shuningdek, archa o‘zidan inson uchun foydali bo‘lgan fitansin moddasini ham chiqaradi. Bolalarimiz dam olayotgan oromgoh ana shunday tabiatning betakror bir go‘shasida joylashgan. Hududda 6-7ta bir-birini takrorlamaydigan soylar ham bor. Biz hozir Yettikechuvsoy degan joyda turibmiz. Zominda yana tabiatning to‘rt fasli bir vaqtda mujassam bo‘lgan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, oromgoh hududiga yaqinlashar ekanmiz, o‘zimizda bir ta'riflab bo‘lmas ajib bir tuyg‘ularni his etdik. Havoning tozaligi, tabiatning xushmanzaraligi, oromgoh hududiga ekilgan turfa xil gullar, chiroyli tarzda shakl berilgan archalar kishiga xushkayfiyat bag‘ishlaydi. Bugun sirdaryolik o‘g‘il-qizlar mana shunday ajoyib sog‘lomlashtirish maskanida maroqli dam olishmoqda.

Sherzod Tilovberdiyev,
Axborot xizmati veb-muharriri

Reklama huquqi asosida

 

Top