22:33 / 19.06.2020
6262

2020 yilda Toshkent viloyatida 15 kishi suvga cho‘kib ketgan, shundan 7 nafari bolalar

FVV Toshkent viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Rustam Alimovning ma'lum qilishicha, joriy yilda viloyat bo‘yicha 15 kishi suvga cho‘kib ketgan, shundan 7 nafari voyaga yetmagan shaxslardir.

«Toshkent viloyatida yoz mavsumida aholining suv havzalarida xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlili joylarda aholining suvda cho‘kishi bilan bog‘liq profilaktik tadbirlarni kuchaytirish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi kunga qadar viloyat bo‘yicha cho‘kish bilan bog‘liq baxsiz hodisalar natijasida Bekobod shahrida 3, Chinoz tumanida 2, Chirchiq shahrida va Piskent tumanida 1 nafardan voyaga yetmagan bolalar nobud bo‘lgan.

Jumladan, 15 iyun kuni Bekobod shahrida suvda cho‘kish bilan bog‘liq 1 ta holat sodir bo‘lgan. Bekobod shahar «Nurli yo‘l» MFY hududidan oqib o‘tuvchi daryoning o‘ng qirg‘og‘i bo‘lgan «Bekobod» kanali boshlanish qismida ehtiyotsizlik oqibatida bir vaqtning o‘zida 3 nafar bola cho‘kib ketgan», deya Rustam Alimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, 20 yil davomida Toshkent viloyatida suvga cho‘kish bilan bog‘liq 15 ta baxsiz hodisa qayd etilgan. Shundan bir kishi qutqarilgan, qolganlar halok bo‘lgan. Xususan, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Bekobod va Chinoz tumanlarida 3tadan, Yangiyo‘l tumanida 2 ta va Qibray tumanida 1 ta ana shunday hodisa sodir bo‘lgan.

«Toshkent viloyatida Chorbog‘, Ohangaron va Toshkent suv omborlari hamda Chirchiq, Qorasuv, Ohangaron va Sirdaryo daryolari, shuningdek, 50 dan ortiq magistral kanallar hamda suv inshootlarida hozirgi kunda hududiy Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Milliy gvardiya bo‘linmalari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari hamda kanallarni tasarruf etuvchi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda 60 ga yaqin xavfli, ya'ni cho‘kish bilan bog‘liq hududlarda navbatchilik, nazorat, kuzatuv va targ‘ibot postlari tashkil etilgan.

Fursatdan foydalanib, ota-onalarga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli ota-onalar! Farzandingizni cho‘milish bilan bog‘liq bo‘lgan baxsiz hodisalardan asrashni, nazoratsiz qoldirmaslikni, faqat madaniyat va istirohat bog‘laridagi suv havzalari (basseyn)da nazorat ostida, qat'iy qoidalarga rioya qilgan holda cho‘milishni amalga oshirishini so‘raymiz.

Ayniqsa, yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmang! Yoz mavsumi boshlanishi bilan kunlar isiydi. Shubhasiz, ob-havoning tobora isib ketishi tufayli fuqarolarning suvga, cho‘milishga bo‘lgan ehtiyoji ortib borishi tabiiy. Afsuski, suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxsiz hodisalar takror-takror uchrab turibdi.

Cho‘kish holatlarini ko‘proq voyaga yetmagan (18 yoshga to‘lmagan) bolalar tashkil qilmoqda. Bunga fuqarolarning taqiqlangan joylarda (daryo, kanal va anhorlarda) cho‘milishi, ota-onalar va kattalar tomonidan yosh bolalarning qarovsiz, nazoratsiz va e'tiborsiz qoldirilishi hamda fuqarolarning xavfsizlik va cho‘milish qoidalariga rioya qilmasliklari sabab bo‘lmoqda», dedi Rustam Alimov.

Top