23:04 / 19.06.2020
8927
AI-92 markali benzin narxi oshishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi – «O‘zbekneftgaz»

«O‘zbekneftgaz» 20 iyundan boshlab yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-92 markali import benzinning narxi 5500 so‘mga chiqishi haqidagi tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Qayd etilishicha, kompaniya yaqin kelajakda benzin narxini oshirishni maqsad qilmagan. Aksincha, benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari bosqichma-bosqich tushirib borilmoqda. Hozirgi kunda benzin narxi bozor belgilayapti, bunga kompaniya aralashayotgani yo‘q.

Avvalroq «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov «O‘zbekneftgaz» aprel oxiri – may boshida brent markali neft narxi 22-25 dollar bo‘lgan payt 200 ming tonnadan ortiq xomashyo import qilgani, shuning hisobiga yil oxirigacha neft narxi oshib ketsa ham, benzinning hozirgi narxlarini bir maromda saqlab turilishini aytgan edi.

«Keyinchalik ham tannarxni pasaytirish, bozorda o‘z o‘rnimizni yo‘qotmaslik uchun maksimal darajada sifatli va arzon neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘zimizning strategiyamiz bor. Hozirgi kunda tizimimizdagi neftgaz korxonalari tomonidan nafaqat AI-80 markali benzin, balki AI-92 va AI-95 markali benzinlarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali yuqori sifatli benzin bozorida ham o‘z o‘rnimizni topish niyatidamiz», degandi u.

Eslatib o‘tamiz, 15 maydan buyon «O‘zbekneftgaz» AJning UNG milliy brendi ostidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida AI-92 markali benzin 5000 so‘mdan sotilmoqda.

Top