08:54 / 19.06.2020
2159
Auditorlik faoliyatida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda auditorlar va auditorlik tashkilotlarining soddalashtirilgan reyestrini qo‘llash tartibi belgilanyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan videokonferensiya tarzida tashkil etilgan seminarda “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi (yangi tahriri)ni ikkinchi o‘qishga tayyorlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Parlament saytida yozilishicha, qonun loyihasida auditorlik faoliyatini faqat auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirish, auditorlik tekshiruvini o‘tkazish huquqini beradigan tartiblarni soddalashtirish ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, auditorlarning samarali malaka oshirish tizimini tashkil qilish ham belgilanmoqda. Eng asosiysi, auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda auditorlar va auditorlik tashkilotlarining soddalashtirilgan reyestrini qo‘llash tartibi belgilanyapti.

Deputatlarning fikricha, auditorlik tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdoriga bo‘lgan talabning bekor qilinishi hamda aynan bitta xo‘jalik yurituvchi sub'yektda auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish ketma-ket yetti yildan ortiq bo‘lmagan muddatgacha uzaytirilishi ushbu faoliyat turini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasida dastlab auditorlik tashkilotlarini respublika jamoat birlashmalariga majburiy a'zo qilish belgilangandi. Bu amaliyot ayrim xorij mamlakatlarida ham mavjud. Muhokamalar jarayonida auditorlik tashkiloti tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi inobatga olinib, ularni jamoat tashkilotlariga majburiy a'zo qilish maqsadga muvofiq emasligi, mazkur normani loyihadan chiqarib tashlash taklif qilingan edi. Deputatlar ushbu normani auditorlik tashkilotlarining huquqlariga kiritish, a'zolik masalasi tashkilotning xohishiga ko‘ra, amalga oshirilishi lozimligini ta'kidlab o‘tishdi.

Auditorlik xizmati sifatini ta'minlash va oshirib borish maqsadida maxsus vakolatli davlat organi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda, auditorlik tashkilotlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, ularning ish sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazib borishi belgilanmoqda. Shuningdek, auditorlik faoliyatini faqat auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirish, auditorlik tashkilotida auditorlarning eng kam sonini amaldagi ikki nafardan kamida to‘rt nafarga oshirish talablari ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida, audit sifatini oshirishga imkon beradi.

Yakunda qonun loyihasini yanada takomillashtirish va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisiga kiritishga kelishib olindi.

Top