20:56 / 19.06.2020
7407

Belarusda prezidentlikka da'vogarlardan yana biri saylovda qatnashmasligini e'lon qildi

Avvalroq Liberal demokratik partiya yetakchisi Oleg Gaydukevich, yuk tashuvchilar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Natalya Kisel va rok-musiqachi Aleksandr Tabolich prezidentlik poygasidan chiqqanini e'lon qilgandi.

Yuriy Gubarevich

Belarus prezidentligiga da'vogarlik qilayotgan «Za Svobodu» harakati yetakchisi Yuriy Gubarevich saylovda qatnashmasligini ma'lum qildi.

"Bo‘lib o‘tayotgan voqealar sababli prezidentlik saylovi kampaniyasidan chiqishimni e'lon qilaman", - dedi Gubarevich.

"2020 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi boshlanganidan beri hukumat ochiqchasiga, qo‘pol va shafqatsiz harakat qilishni boshladi. Qatag‘onlar haftasiga kuchaydi. Bu yerda qonuniylik qolmadi", - deb ta'kidladi u.

Juma kuni Gubarevich 15 sutkalik ma'muriy qamoq jazosini olganligi ma'lum bo‘ldi, ammo u hozircha ozodlikda.

Avvalroq Liberal demokratik partiya yetakchisi Oleg Gaydukevich, yuk tashuvchilar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Natalya Kisel va rok-musiqachi Aleksandr Tabolich prezidentlik poygasidan chiqqanini e'lon qilgandi.

Ayni paytgacha amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko, Belgazprombankning hibsga olingan sobiq rahbari Viktor Babariko, yuqori texnologiyalar parki sobiq rahbari Valeriy Tsepkalo, sobiq parlament deputati Anna Kanopatskaya, bloger Sergey Tixanovskiyning xotini Svetlana Tixanovskaya va "Govori pravdu" jamoat birlashmasi hamraisi  Andrey Dmitriyev yetarli miqdorda imzo to‘plab bo‘lgan. Shunday qilib, olti nafar da'vogar Belarus prezidentligiga nomzod bo‘lishi mumkin.

Prezidentlik saylovi 9 avgustda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Top