13:40 / 19.06.2020
2812
Harbiy salohiyatni mustahkamlashni ko‘zda tutuvchi qonun ma'qullandi

Senatning beshinchi yalpi majlisida «2007 yil 27 iyundagi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishcha, 2019 yil 29 aprelda Bishkekda qabul qilingan mazkur bayonnoma ShHTga a'zo  davlatlarning harbiy xavfsizligini ta'minlash, davlatlar o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni kuchaytirish, harbiy salohiyatni mustahkamlash, harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish, harbiy kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish kabilarni ko‘zda tutadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro-mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi a'zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ta'lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhit muhofazasi va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi birga kurashish ham tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Yuqorida qayd etilgan Bayonnoma ShHT a'zosi bo‘lgan istalgan davlat unga qo‘shilishi uchun ochiqligi, qo‘shilgan davlat uchun ushbu Bitim depozitariy tomonidan qo‘shilish haqida hujjat olingan sanadan boshlab 30 kun ichida kuchga kirishi kabi yangi o‘zgartishlarni o‘z ichiga olgan.

Senatorlar «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunni bir ovozda ma'qullashdi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jyeneva, 1925 yil 17 iyun) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.

Ushbu Protokol 1972 yilning 10 aprel kuni Moskva, London va Vashington shaharlarida imzolangan bakteriologik (biologik) va toksik qurollar zaxirasini yig‘ish, ishlab chiqish va ishlab chiqarishni taqiqlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi Konvensiya talablarini mustahkamlovchi hamda to‘ldiruvchi hujjat hisoblanadi.

Bugungi kunda ushbu Jyeneva protokoliga dunyoning 142ta davlati, MDH mamlakatlaridan Armaniston, Moldaviya, Rossiya, Tojikiston, Ukraina hamda Qirg‘iziston qo‘shilgan.

Senat a'zolari mazkur Qonunning qabul qilinishi respublika mudofaa sohasining samarali tizimini ta'minlash hamda uni rivojlantirish alohida o‘rin egallashini, qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a'zosi bo‘lish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lishini ta'kidladi.

Shuningdek, mazkur Protokolga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi milliy qonunchilik me'yorlariga mos kelishi hamda qonunlar bilan muomalaga kiritilgan xalqaro shartnomalar talablariga zid kelmasligi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top