19:22 / 19.06.2020
1886
Karantin davrida ichimlik suvi to‘lovlari kamayib ketgani uchun 64 mlrd so‘m ssuda berildi

O‘zbekistonda ichimlik suvi ta'minoti xarajatlarni qoplashi uchun kuniga 4-4,5 milliard so‘m pul tushishi kerak. Eng qat'iy karantin cheklovlari vaqtida bu tushum 300 mln so‘mgacha tushib ketgan.

Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasida yetarli mablag‘ yig‘ilmasa, elektr energiya bo‘yicha qarzdorlik yuzaga keladi, ishchilar maoshini to‘lashda muammolar kuzatiladi. Bundan tashqari, suvni zararsizlantirish bo‘yicha kamchiliklar bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ichimlik suvi ta'minoti bo‘yicha ishlar normal holatda tashkil etilishi va xarajatlarni qoplashi uchun kuniga 4-4,5 milliard so‘m pul tushishi kerak bo‘ladi. Pandemiyaning eng murakkab davrida bu tushum 300 million so‘mgacha tushib ketdi», – dedi Alipasha Ahmedov 19 iyun kuni Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Foto: Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, suvni zararsizlantish vositasi – xlorning 1 oylik zaxirasi yaratilgani tushum kamaygan vaqtda qo‘l kelgan.

«Aholiga tushuntirish ishlari olib borilishi va targ‘ibot natijasida 2 hafta muddatdan so‘ng pul tushumi 2,5 milliard so‘mga yetkazilgan. Hozirgi kunda esa kunlik to‘lovlar miqdori taxminan 3 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.

Aholining daromadlari ham vaqtincha kamaygani hisobga olinib, suv ta'minotini yaxshilash bo‘yicha Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 64 milliard so‘m foizsiz ssuda olingan», – dedi vazirlik rasmiysi.

Ta'kidlanishicha, bu mablag‘ birinchi navbatda tizimda xizmat ko‘rsatayotgan ishchilar maoshlari va ish jarayonini tashkil etish uchun yo‘naltirilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top