18:41 / 19.06.2020
39153
«Malibu, Tracker va Orlando yarim tayyor mahsulot sifatida olib kirilayotgani sababli millionlab soliqlar davlat g‘aznasiga tushmayapti» – ekspert

Janubiy Koreyaning INHA universiteti Xalqaro savdo bo‘yicha doktoranti Valijon To‘raqulov hamda Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga avtomobillarni import qilish bilan shug‘ullanuvchi “YES CAR-MOTORS” kompaniyasi rahbari Oybek Qambarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda milliy avtomobil sanoatidagi muammolar va ularning yechimi haqida so‘z yuritishdi.

– 9 mart kuni O‘zbekistondagi yagona avtomobil ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors yengil avtomobillarning yangi narxlarini e'lon qilgandi. Narxlar mashinalarning modifikatsiyasiga qarab 3-21 foiz atrofida oshirilgan edi

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar norozilik ohangidagi postlarga to‘lib-toshgan, hatto UzAuto Motors mahsulotlarini boykot qilish, sotib olmaslik haqida chaqiriqlar yangragandi.

Tanqidlarga bir qator tashkilotlar ham qo‘shilgan, jumladan, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi avtomashinalar narxi oshishini keskin qoralagan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham yillar davomida berilgan imtiyozlar va preferensiyalarga qaramasdan UzAuto Motors AJ davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanmagani, iste'molchilar huquqlari kamsitib kelayotganini ma'lum qilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda avtomobillar narxi oshirilganiga o‘z munosabatini bildirib, mashinalar narxi oshirilishi hozirgi sharoitda to‘g‘ri emasligini aytgan edi.

Shuncha e'tiroz va munosabatlarga qaramasdan oshirilgan narxlar o‘zgarishsiz qoldi, sizningcha, buning sababi nimada bo‘lishi mumkin?

Valijon To‘raqulov:

Valijon To‘raqulov

– Monopoliyaning qiyofasi shunday bo‘ladi. Ya'ni qo‘pol qilib aytganda, “Olsang olding, olmasang, boshqa mashina yo‘q”, deganday gap. Bu yerda xalqimizning mentaliteti ham rol o‘ynasa kerak. Boshqa xalqlarda bunday bo‘lmasligi mumkin. Aynan bizning xalqda chetga chiqib, ishlab bo‘lsa ham mashina olish degan orzu bor.

Monopoliyaning asosiy sifatlaridan biri esa ko‘proq iste'molchi bilan hisoblashish emas, ya'ni haqiqiy, erkin, bozor iqtisodiyotidagi kabi iste'molchini birinchi o‘ringa qo‘yish emas, balki o‘zlarining istaklarini, o‘zlarining foydalarini ko‘proq birinchi o‘ringa qo‘yish bo‘ladi. Mana shu sabablarning ortidan ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi, deb o‘ylayman. 

Oybek Qambarov:

Oybek Qambarov

– Hozir Valijon juda yaxshi fikrlarni aytdi. Avvalo, narxlarning ko‘tarilishiga sabab – bu monopoliya. Hammaga ayon. Bu masalani hatto davlat rahbari ham ko‘tardi oxirgi yig‘ilishlarning birida.  

Agar jahon tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, men ayni vaqtda yashab turgan Janubiy Koreyada beshdan ortiq mahalliy avtozavod mavjud. Fuqarolarga bozorda beshta avtozavodda chiqayotgan avtomobillarni taklif qilish imkoniyati bor. Bular: Hyundai Motors, Kia Motors, Renault Samsung Motors, SsangYong Motor hamda General Motors.

Mana shunday darajadagi xilma-xil tanlov bo‘lsa ham Koreyadagi avtomobillarning 30 foizini xorij avtomobillari tashkil qiladi. Ya'ni shuncha avtomobil ishlab chiqargan holatda ham monopoliya jamiyatdan butkul chiqarib tashlangan, fuqarolarga xohlagan mashinasini, masalan, chet mamlakat avtomobillarini sotib olishga keng yo‘l ochib qo‘yilgan.

Shaxsiy tadqiqotlarimga ko‘ra, chetdan kirib kelayotgan avtomobillarga boj 15 foizni tashkil qiladi xolos. Tasavvur qilyapsizmi? Siz agar Janubiy Koreyaga chetdan qimmat avtomobil olib kiradigan bo‘lsangiz, faqatgina 15 foiz miqdoridagi bojxona to‘lovini to‘laysiz.

Endi bizdagi holatni ko‘rib chiqaylik. Bizda avtomobillarni birgina monopol zavod – UzAuto Motors ishlab chiqaradi. Yuqorida Valijon aytganidek, bu korxona monopol bo‘lgani uchun o‘zi istagan qoidalar bo‘yicha, o‘ziga ma'qul bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish vakolatiga ham ega. Bu garchi oshkor qilinmasa ham, lekin orqa planda shunaqa narsa bo‘ladi.

Oxirgi bo‘layotgan o‘zgarishlar, masalan, aksiz solig‘i va utilizatsiya bo‘yicha o‘zgarishlarda bu korxonaga katta imtiyozlar berilgani ham shundan dalolat beradi. Suhbatimiz davomida bu mavzu to‘g‘risida ham gaplashamiz. Masalan, yuqoridagi fikrlarimni utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha qabul qilingan hujjatda UzAuto Motors’ga nisbatan istisnolar ko‘zda tutilganiga bog‘lab beraman. Aynan shu monopoliya vakolatlari, imkoniyatlaridan kelib chiqib tasnif qilishgan nuqtalari bor.

Valijon To‘raqulov:

– Oybek akaning bir fikrlariga qo‘shimcha qilmoqchi edim. U kishi Janubiy Koreyaga xorijdan kirib kelayotgan avtomobillarga solinadigan boj 15 foiz deb aytdilar. Aslida undan ham kamroq.

Tadqiqotim mavzusi yuzasidan ma'lumotlarni qidirib, ba'zi veb-saytlarga kirib ko‘rganimda bildimki, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lmagan davlatlar uchun boj miqdori 10 foiz ekan. JSTga a'zo davlatlar uchun 8 foiz, erkin savdo shartnomasiga ega bo‘lganlarga esa 0 foizdan 2 foizgacha. Avtomobillarning turlari juda ko‘p, menimcha, Oybek aka 15 foizlik boj haqida aytganlarida asosan o‘zlari import qiladigan premium-klassdagi avtomobil turlariga nisbatan qo‘llanadigan yig‘imni nazarda tutgan bo‘lsalar kerak.

Demoqchimanki, Janubiy Koreyada xorijdan avtomobil olib kirish judayam erkin. Shuncha ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lsa ham jahon avtomobil bozori brendlarini mamlakat hududiga erkin va arzon narxda olib kirib, iste'molchilarga taqdim etish imkoniyati bor bu yerda.

– UzAuto Motors mart oyida avtomobil narxlarining oshirilishiga 2019 yilning oktyabr oyidan boshlab soliqlarni barcha bilan bir xil umumiy asoslarda to‘lay boshlagani, jumladan, qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lay boshlaganini asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatgan. Kompaniyaning bu bayonoti haqiqatga qanchalik yaqin? Ya'ni UzAuto Motors aytayotganday, qo‘shimcha qiymat solig‘ini zavod to‘laydimi yoki uni sotib olayotgan iste'molchi to‘laydimi aslida?

– Aslida, qo‘shilgan qiymat solig‘i yuki bevosita yoki bilvosita iste'molchining yelkasiga borib tushadi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i nomidan kelib chiqib aytish mumkin va yana har bir bosqichda qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘shiladi-da, oxirida mana shu soliq bir bo‘lib iste'molchiga yetib boradi.

Bu yerda UzAuto Motors’ning gaplari iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri. Qo‘polroq qilib aytsak, ular shunday demoqchi bo‘lgan: «Shu paytgacha biz soliqlardan imtiyozlarga ega edik. Shuning uchun narximiz, masalan, 1 million edi. Endi shu imtiyozlarni davlat bizdan olib qo‘ydi. Shuning uchun biz avtomobil narxini 1 mln. 200 mingga oshirdik». Ya'ni narxlar oshirilishini shunchaki, qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan bog‘lab qo‘yishgan xolos. Bu bir bahona aslida. Lekin iqtisodiy jihatdan aytilgan gaplari asosga ega.

– Bundan kelib chiqadiki, kompaniya shu paytgacha o‘z mahsulotlarini mahalliylashtirish yoki ularning narxlarini arzonlashtirish bo‘yicha yetarlicha sharoit yaratmaganligi uchun davlat imtiyozlarining bekor qilinishi oqibatida narxlarni oshirish orqali yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketmoqchi. Ya'ni ularda boshqa variant yo‘q, to‘g‘rimi?

– Shunday. Ya'ni shu paytgacha berilgan barcha imtiyozlar bekor bo‘ldi, degani. Mana shu alam qiladigan tarafi aslida.

Oybek Qambarov:

– Valijon mahalliy, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mashinalarning qo‘shimcha qiymat solig‘i haqida gapirdi. O‘zbekistonga chetdan kiradigan, ya'ni UzAuto Motors chetdan olib kiradigan mashinalar bor. Masalan, Malibu, Tracker, Orlando va shunga o‘xshash avtomobillar. Ularga qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘shilmaydi, axir bu mashinalar chetdan olib kirilyapti-ku, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bilasiz, agar bu avtomobillarni boshqa tadbirkor olib kiradigan bo‘lsa, qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘laydi. Ya'ni avtomobil tannarxining 15 foizi miqdorida soliq to‘laydi.

Endi xuddi shu savolni biz UzAuto Motors’ga beramiz. Ular olib kirayotgan premum klassdagi avtomobillarga qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘laydimi? Yo‘q, to‘lamaydi. Nega to‘lamaydi? Chunki amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra UzAuto Motors bojxona rasmiylashtiruvida ushbu avtomobillarni chegaradan avtomobil sifatida olib o‘tmaydi, balki ularni yarim tayyor mahsulot sifatida mamlakat hududiga olib o‘tadi.

Ya'ni ularni bojxona hujjatlarida to‘liq modifikatsiya qilinmagan avtomobil sifatida rasmiylashtirgani uchun, tabiiyki, bu mahsulotlarga 100 foiz avtomobil sifatida qaralmaydi. Mana shundan ham bilishimiz mumkinki, UzAuto Motors garchi bu mashinalarni chetdan bus-butun olib kirsa-da, g‘ildiraklari yoki boshqa qismlarini olib qo‘yib, uni yarim tayyor mahsulot sifatida hujjatlashtiradi va bu orqali davlat g‘aznasiga qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan qochadi. Endi o‘zingiz davlatdan bir yil davomida necha milliard so‘m yoki trillion so‘m yashirilayotganini tasavvur qilavering.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top