11:21 / 19.06.2020
10014

O‘zbekistonda kasallik varaqalari berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Prezidentning 19.03.2020 yildagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5969-son Farmoniga muvofiq sog‘liqni saqlash vaziri o‘z buyrug‘i bilan Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tuzatishlar kiritdi.

Foto: Shutterstock

Norma’ning yozishicha, o‘zgartirishlarga asosan Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma'lumotnomasi o‘tkazib yuborilgan kunlarga quyidagi hollarda ham beriladi:

maktabgacha ta'lim tashkilotida yoki 6 yoshga to‘lmagan bolaga o‘rnatilgan karantin holatida. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a'zosiga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) organlari tomonidan beriladi. Tuzatishlar bilan mehnatga layoqatsizlik varaqasi muddatini cheklash bekor qilindi – 14 kungacha;

bajarayotgan ishining xususiyatiga ko‘ra yuqumli, parazitar kasalliklarni tarqatish xavfini tug‘diradigan shaxslar ishdan chetlashtirilganda yoki atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan yuqumli va parazitar kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga, parazitar kasalliklar bilan zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan tibbiyot muassasasida karantinga olingan shaxslarga. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga beriladi (ilgari – davlat sanitariya nazoratining mansabdor shaxsi tomonidan belgilangan muddatga). Ko‘rsatilgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi elektron shaklda berilishi mumkin;

yuqumli, parazitar kasalliklar bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada karantinga olingan shaxslarga. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga, shu jumladan elektron shaklda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) organlari epidemiologi yoki sanitar vrachi tomonidan beriladi;

uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga hamda karantinga olingan shaxslarning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi.
 
Mazkur o‘zgartirishlar Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.
 
Hujjat 15.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Top