13:27 / 19.06.2020
30360
«O‘zgidromet» dam olish kunlari qanday ob-havo kutilayotganini ma'lum qildi

Bugun Turkmaniston hududidan kirgan issiq havo natijasida so‘nggi kunlarda kuzatilgan salqinlik asta-sekin chekinadi. 

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, mamlakatning markaziy va sharqiy mintaqalarida havo 33-35 darajagacha isiydi. Bunday harorat bu kun uchun xos bo‘lgan me'yoriy ko‘rsatkichlarga yaqindir. Shimoliy, janubiy va cho‘l zonalarida issiq havo kuchliroq bo‘lib, harorat 38-40 darajaga yetadi, bu esa me'yordan 2-4 darajaga yuqoridir.

Haftaning oxiri va keyingi haftaning boshida issiq O‘zbekistonning butun hududini qamrab oladi. Ayniqsa yakshanba va dushanbada issiq bo‘ladi. Termometr ustunchasi shu kunlarda 39-42 darajagacha, janubiy viloyatlarda va Navoiy, Buxoro viloyatlarining cho‘l zonasida 43-44 darajagacha ko‘tariladi. Bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 5-8 darajaga yuqoridir.

Issiq havoning kirishi shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi bilan birga kuzatiladi.

Eng issiq iyun oylarida Toshkentda oyning oxirgi o‘n kunligi boshida havo harorati 42-43 darajaga yetgan.

Top