09:49 / 19.06.2020
27358

Putin ustidan sudga shikoyat qilindi

Foto: Alexei Nikolsky via Reuters

Rossiya kommunistik partiyasi deputatlari Yevgeniy Stupin va Oleg Sheremetev, siyosatshunos Valeriy Solovey va huquqshunos Sergey Bocharov Rossiya Oliy sudiga prezident Vladimir Putinning farmonini noqonuniy deb tan olish talabi bilan ariza topshirishdi. Gap Putinning konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilinayotgan tuzatmalar bo‘yicha 1 iyulda ovoz berish o‘tkazilishi haqidagi farmoni haqida bormoqda.

Arzchilarning ta'kidlashicha, pandemiya sharoitida ovoz berishni o‘tkazish jinoyatdir.

“Bunga sabab - mag‘lub etilmagan virusdan har kuni o‘nlab, ba'zida yuzlab odamlar o‘lmoqda. Bunday sharoitlarda ovoz berishni o‘tkazish jinoyatdir. Putin farmonining bekor qilinishi ko‘plab hayotlarni saqlab qoladi”, deb yozgan Facebook’da da'vo arizasi mualliflaridan biri.

Oliy sudga shunday mazmundagi shikoyat bilan yana bir rossiyalik, Kirov oblastining “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati” rahbari Gennadiy Rudyak ham murojaat qilgan. 16 iyunda uning arizasi ro‘yxatga olinib, sudyaga topshirilgan. Unda javob beruvchi sifatida Vladimir Putin ko‘rsatilgan. Biroq oliy sud Rudyakning arizasini qabul qilishni rad etgan.

14 mart kuni Putin konstitutsiyaga bir necha o‘n tuzatishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan. Hujjat konstitutsiyaviy sud tomonidan ma'qullangan. 1 iyulda taklif qilinayotgan tuzatmalar bo‘yicha umummilliy referendum o‘tkazish belgilangan. Tuzatmalardan eng muhimi Putinga prezident lavozimiga yana nomzodini ilgari surishga va hokimiyat tepasida 2036 yilgacha qolish imkonini beradi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni 561 mingdan oshib ketdi, undan 7660 kishi vafot etgan, 313 mingdan ko‘proq kishi sog‘ayib ketgan. 

Top