09:51 / 19.06.2020
1392
Yanvar-may oylarida 31,5 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

Joriy yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda jami 31,5 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur'ati 2019 yilning yanvar - may oylariga nisbatan 98,2 foizni tashkil etdi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabarida aytilishicha, 2020 yil 1 iyun holatiga ko‘ra qurilish sohasida korxona va tashkilotlar soni 38,3 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,5 mingtaga oshdi. 

Jami qurilish sohasidagi korxona va tashkilotlar soni ko‘payishining asosiy omili bu bino va inshootlar qurishda o‘tgan yilga nisbatan 13,0 foizga (jami qurilishdagi ulushi 57,9 foiz), fuqarolik obektlarini qurish 32,1 foizga (jami qurilishdagi ulushi 9,7 foiz), ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarining 32,6 foizga (jami qurilishdagi ulushi 32,4 foiz) o‘sishidir.

Joriy yilning yanvar-may oylarida, jami qurilish ishlari hajmi tarkibida yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 8,1 trln so‘mni tashkil etdi. Qurilish ishlari 2019 yilning yanvar-may oylariga nisbatan 7,4 foizga ko‘p bajarilgan bo‘lib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 2019 yilning mos davridagi ko‘rsatkich darajasidan 2,2 foiz punktga ko‘payib, 25,8 foizni tashkil etdi.

Top