13:30 / 19.06.2020
12303
«Yo‘llardagi tartib-intizomga faqatgina qoidabuzarlikni qayd etib, jarima undirish bilan erishib bo‘lmaydi» – Senat raisi

So‘nggi ikki yilda tez yordam mashinalarining o‘z vaqtida yetib kelmasligi oqibatida 48 mingdan ortiq o‘lim holati yuz bergan. Oxirgi uch yilda haydovchilar tomonidan maxsus avtotransport vositalariga yo‘l bermaslik bilan bog‘liq 700 dan ziyod holat aniqlangan. Bu haqida Senat raisi Tanzila Norboyeva ma'lumot berdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

“Aslida har qanday holatda ham ularga yo‘l berish kerak. Biroq ularni o‘tkazib yuboraman, deb boshqa haydovchilarimiz aybsiz aybdor bo‘lib qolmoqda. Ya'ni o‘tkazib yuboraman deb qoida buzsa ham jarima to‘laydi, qoida buzmay deb ularga yo‘l bermasa ham jarima to‘laydi. Bu kabi holatlarga chek qo‘yish uchun ham “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar  kiritish  to‘g‘risida”gi  qonun juda muhim. O‘z o‘rnida shuni ham alohida ta'kidlashimiz lozimki, qonun qabul qilish muammoni hal qilishning bir qismi, xolos. Yo‘llardagi tartib-intizomga faqatgina qoidabuzarlikni qayd etib, jarima undirish bilan erishib bo‘lmaydi. Bugun qonun chiqsa, ertadan boshlab haydovchilarni jazoga tortish kerakmas. Avvalo, tushuntirish, o‘rgatish, ogohlantirish kerak”,  - dedi Tanzila Norboyeva Senatning 5-yalpi majlisida.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi kabi bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari aylanishi bilan bog‘lik jinoiy harakatlar uchun javobgarlik ko‘rsatilgan moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Ya'ni tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun alohida javobgarlik belgilanib, aybdor besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilanmoqda. Agar bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta'lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilinsa, BHMning yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima belgilanib, javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi aholining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va o‘z navbatida davlat organlarining ham bu boradagi mas'uliyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top