10:46 / 21.06.2020
14731

Ilon Mask Los-Anjyelesdagi uyini 29 mln dollarga sotdi 

Foto: iStock

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Los-Anjyelesning nufuzli tumanlaridan biri - Bel-Eyrda joylashgan uyini 29 mln dollarga sotdi. Bir oy oldin Mask butun mol-mulkini sotishga tayyorligini bildirgandi. 

The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, uyni xitoylik milliarder va NetEase kompaniyasi asoschisi Uilyam Ley Din bilan bog‘liq kompaniya sotib olgan

Uy may boshida 30 mln dollar narx bilan sotuvga qo‘yilgan. Ta'kidlanishicha, uy sotilishi haqidagi e'londa u egasi tomonidan sotilishi aytilgan. Bu esa Mask uyni sotishda agent xizmatlaridan foydalanmaganini anglatishi mumkin.

May oyida Mask butun mol-mulkini, jumladan ko‘chmas mulkini sotishi mumkinligini aytgan. “Men butun mol-mulkimni sotaman. Mening o‘z uyim ham bo‘lmaydi”, deb yozgandi tadbirkor Twitter’da. 

Keyinroq u bu xabariga qo‘shimcha bir nechta sirli tvitlarni qoldirgan. Jumladan, u “Ozodlik” deb qo‘shimcha qilgan.

Mask uyni 2012 yilda 17 mln dollarga Canyon Capital Advisors xej-fondi asoschilaridan biri Mitchel Julisdan sotib olgan. Ta'kidlanishicha, bu tadbirkorning ushbu tumanda joylashgan 6 ta ko‘chmas mulk obektidan biri hisoblanadi. Ushbu obektlardan biri Maskning farzandlari uchun maktab sifatida qo‘llanadi.

7 ta yotoqxonaga ega uy 1990 yilda qurilgan va keyinchalik anchagina rekonstruksiya qilingan. Uy hududida 2 qavatli kutubxona, tennis korti, sportzal, suv havzasi, bog‘ va 5 ta avtomobilga mo‘ljallangan garaj mavjud. 

Mavzuga oid
Top