08:10 / 21.06.2020
11410

Misr prezidenti armiyani Liviyaga bostirib kirishga tayyor turishga chaqirdi 

Ayni vaqtda Misr Liviyaga qonuniy asosda bostirib kirishi mumkin. Bu haqda Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy ma'lum qildi va armiyani xorijdagi harakatlarga tayyor turishga chaqirdi.

“Misr davlati tomonidan har qanday aralashuv xalqaro qonuniylik ko‘rinishini oldi”, deb aytgan as-Sisiy. U bu so‘zlarni harbiy-havo kuchlarining Liviya bilan chegaradagi harbiy bazasiga tashrifi vaqtida aytib o‘tgan.   

Misr prezidenti nutq so‘zlashdan oldin aviabazadagi harbiylar bilan suhbatlashib, ularga “Misrda va zarurat bo‘lsa, uning tashqarisida har qanday missiyani bajarishga tayyor turishni” aytgan.

As-Sisiy Misr Liviyada xorijiy davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi terrorchilar va yollanma jangarilardan tahdidlar olgandan keyin himoyalanish huquqiga egaligini ta'kidlab o‘tgan.

Uning aytishicha, har qanday aralashuvning asosiy maqsadlari Misrning 1,2 ming kilometrlik harbiy chegarasini muhofaza qilish, Liviyada o‘t ochishni to‘xtatishga hamda barqarorlik va tinchlik o‘rnatilishiga erishishda yordam berish hisoblanadi.

Avvalroq Misr Liviyada o‘t ochishni to‘xtatish uchun saylangan boshqaruv kengashi tashkil etishni taklif qilgan. Ushbu taklifni Rossiya, AQSh, BAA qo‘llab-quvvatlagan, biroq Turkiya rad etgan.

Liviyada uzoq vaqtdan beri qo‘shhokimlik amal qilib kelmoqda: BMT tomonidan tan olingan va poytaxt Tripolida joylashgan Fayoz Sarrojning Milliy kelishuv hukumati hamda mamlakat sharqida harakat qiluvchi va feldmarshal Halifa Xaftar qo‘mondonligi ostidagi Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Abdulloh Abdurahmon at-Taniy hukumati. 

Oxirgi kunlar Milliy kelishuv hukumati Turkiya ko‘magida Xaftar armiyasini siqib chiqarmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Xaftar kuchlarini Rossiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, BAA va Misr, Sarroj hukumatini Turkiya, Qatar va Italiya qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mavzuga oid
Top