08:48 / 21.06.2020
5395
Ozarboyjonning yirik shaharlarida karantin qat'iylashtirildi

Ozarboyjonning 8 ta aholi punktida, jumladan poytaxt Bokuda 21 iyundan 2 haftalik qat'iy karantin boshlanadi. 

Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni ko‘payayotgani sababli hukumat 21 iyundan 5 iyulgacha poytaxt Boku, Ganja, Sumgait, Lenkoran, Yevlax, Masalli, Jalilobod kabi yirik shaharlar va Bokuga yondosh Apsheron tumanida karantin sharoitlari qat'iylashtiriladi. Bu hududlarning barchasi ko‘p sonda kasallanganlar qayd qilingan birinchi klasterga kiradi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, bu vaqt davomida do‘konlar va dorixonalardan tashqari, yirik savdo markazlari yana yopiladi. Muzeylar va ko‘rgazma zallari, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari ishlashdan to‘xtaydi. Shu bilan birga, veterinar klinikalar, hayotni ta'minlash xizmatlari, jamoat transport, jumladan metro ishlashda davom etadi. 

Yangi qoidalar harakatlanishga cheklovlar va o‘zini yakkalashning qo‘shimcha choralarini ko‘zda tutadi. Davlat korxonalari va budjet tashkilotlari hamda karantin vaqtida faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgan sohalarda ishlovchi xususiy kompaniyalar xodimlarining bir qismi masofadan ishlashga o‘tkaziladi.  

Boshqa fuqarolarga 5 apreldan 18 maygacha amal qilgan, uyni tark etish uchun sms-ruxsat olish tizimi yana joriy qilinadi. Fuqarolar yashash joylarini faqat uch holatdagina tark etishlari mumkin bo‘ladi: tibbiy ma'lumotnoma olish uchun; oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon xarid qilish, pochta yoki bankka borish hamda sayr qilish uchun; yaqin qarindoshlari dafn marosimida ishtirok etish uchun.

Karantinga rioya qilinishini nazorat qilish ichki ishlar vazirligiga yuklangan. Yarimtundan boshlab ko‘plab joylarda politsiya blokpostlari o‘rnatilishi, ko‘chalarni huquq-tartibot idoralari xodimlarining kuchaytirilgan naryadlari patrullay boshlashi rejalashtirilgan. 

Ozarboyjonda 24 martdan alohida karantin rejimi kiritilgan bo‘lib, u 18 iyunda 1 avgustga qadar uzaytirildi. Bu qaror mamlakatda cheklovlar yumshatilishi sababli epidemiologik vaziyat yomonlashgani tufayli qabul qilingan. May oyida yangi kasallanish holatlari kuniga o‘rtacha 60tagachani tashkil qilgan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 300tagacha yetgan.

Ozarboyjonda 19 iyunda yangi kasallanish holatlari 400tadan oshib, 20 iyunda esa pandemiya davomidagi eng ko‘p kunlik kasallanish holati qayd qilinib, 471tani tashkil qilgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 12 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 148 nafarni, sog‘ayib ketganlar esa 6516 nafarni tashkil qilmoqda. 

Top